O‘quvchi o‘z vaqtida darsga kelmasa, huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etsa, unga ota-ona, maktab jamoasi e’tibor qaratmasa, tarbiya izdan chiqadi, bolalar huquq va majburiyatini anglamasdan bilganicha ish tutadi va istaymizmi, yo‘qmi, ta’lim “cho‘kadi”.
Biroq bugungi kunda ana shunday “cho‘kish”ning oldini olish, aksincha, yosh avlodga sifatli va zamonaviy ta’lim berish, bolaning tarbiyasida ota-onanig mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ta’lim muassasalarida davomat va jamoat xavfsizligini ta’minlashdek muhim tashabbusga qo‘l urildi. Aksariyat bolalar repititordan maktabga qaytarildi. Bolalar ham bepul, uzluksiz ta’limni olishdek huquqidan foydalanish muhim ekanligini anglay boshladi.
Zero, huquqini bilmaslik javobgarlikdan holi qolib qo‘ymaydi. Shuning uchun ham har bir inson kim bo‘lishidan, qaysi kasb egasi yoxud qaysi hududda istiqomat qilishidan qat’iy nazar o‘z huquqlarini to‘la-to‘kis anglashi, shuningdek, burch va majburiyatlarini ham unutmasligi muhim, albatta.
Bolalarning alohida inson huquqlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, yashash huquqi, ismga boʻlgan huquq, bolaga tegishli masalalarda oʻz fikrini bildirish huquqi, fikrlash, vijdon va din erkinligi huquqi, sogʻliqni saqlash va taʼlim olish kabi huquqlaridan foydalanishi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan. Eng avvalo, huquqni anglatish va Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan normalarni maktab davridanoq o‘quvchi-yoshlarga o‘rgatish va anglatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Negaki, jamiyat hayotida yuz berayotgan aksariyat huquqbuzarlik va jinoyatchiliklar odamlarning huquqini va majburiyatini yaxshi bilmasligi natijasida sodir etilmoqda. Ayniqsa, yoshlar, voyaga yetmagan bolalar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning aksariyati huquqini bilmaslik oqibati “mevasi” sifatida qayd etilmoqda. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2023-yilda sodir etilgan jinoyatlarning 226 tasi voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan. Bunga esa befarq qarab bo‘lmaydi.
Termiz shaharidagi 26-sonli maktabda “Ombudsman soati” O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha Vakili(ombudsman) va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Ombudsman soati” loyihasi doirasida yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi” asosida Termiz shahridagi 26-maktabda Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakili tomonidan “Siz huquqingizni bilasizmi?” deb nomlangan tadbir tashkil etildi.
Unda Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artiqov, viloyat Adliya boshqarmasining inson huquqlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Oripov, viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari Maqsud Jabborov hamda maktabning 10-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) avvalo, inson huquqlari to‘g‘risida tushuncha berib, ombudsman fuqarolar huquqlarining beg‘araz va insonparvar himoyachisi ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) inson huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqishi va tekshirishi, ayrim tashkilotlar va mansabdor shaxslar yo‘l qo‘ygan xatoliklarni tugatish yuzasidan chora-tadbirlar tavsiya qilib, fuqarolarning huquqlari tiklanishiga yordamlashmoqda. Inson huquqlarining jiddiy ravishda buzilishiga sababchi bo‘lgan shaxslarni qonunga binoan javobgarlikka tortish to‘g‘risida tavsiya qilib, fuqarolarning kelib tushgan murojaatlari bo‘yicha joylarga, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish joylariga ham kirib, monitoringlarni amalga oshirayotir.
Shuningdek, tadbirda viloyat Milliy gvardiyasi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Maqsud Jabborov tomonidan har bir o‘quvchi huquqlarini bilishi, sifatli ta’lim olishi, sababsiz dars qoldirmasligi, jamoat xavfsizligiga, belgilangan me’yoriy tartib-qoidalarga rioya qilishi muhim ekanligi borasida ham fikr-mulohalzalar bildirdi.
A.Safarova