Kitoblar kuygan yuragiga kulcha bo‘ldi

Date:

Qayerga qaramang kitobxonlik, mutolaaga targ‘ib etish, kitobning inson hayotidagi o‘rni va ma’naviy kamolotni kamol toptirishdagi ahamiyati haqida so‘zlar qulog‘imizga tez-tez chalinadi. Bugun insonlar kitob o‘qimay qo‘ygani, yoshlar tarbiyasi va oila tutumidan kitobxonlik ancha nari ketganiga guvoh bo‘layotganimiz ham yolg‘on emas. Kutubxonalarga kirsangiz, noyob durdonalarni, badiiy adabiyotlarning yillar davomida hali bir varag‘iga ham qo‘l tekkizilmaganini ko‘rib, ich-ichimizdan og‘riqni his qilamiz.

Biroq shunda ham yoshlarni, kattalarni, boringki, keksalarni ham kitob o‘qishga jalb etish harakatidan bir zum bo‘lsa-da to‘xtaganimiz yo‘q, albatta. Kerak bo‘lsa, qimmatbaho sovg‘alarni ham va’da qilib, kitobga oshno tutintirishga urinib yotibmiz. Maqsad faqat bitta — bilimli, “miyasi butun”, kelajagi porloq avlodni shakllantirish, milliy o‘zlikni va mentalitetni anglatish, vatanparvar va oqilu dono avlodni ulg‘aytirish. Zamon bilan bo‘ylashadigan va aql-idroki bilan bir  paytlar ajdodlarimiz dunyoni ilm chirog‘i bilan yoritgani kabi, bugungi avlodning ham ilm shamchirog‘iga moy quyib, uni yanada alangalatishdan iborat.

“Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchiga avtomobil berilishidan ko‘pchilik xabardor. Ilgari g‘olib “Spark” bilan siylangan bo‘lsa, tanlovning 2023-yilgi g‘olibiga “Cobalt” avtomashinasi berildi. Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan uzunlik Fazilat Diyorova ham astoydil g‘oliblikka intilgan edi. U boshqalarga o‘xshab mashinani tengdoshlariga ko‘z-ko‘z qilish yoinki moddiy manfaat uchun harakat qilmadi. Uning kitobga oshno tutinishdan, tunlari yostiqdoshiga aylantirishdan tamomila maqsadi boshqa edi. Bu haqda ushbu maqolamizda sizga bayon qilmoqchiman.

Uzun tumanida tug‘ilib voyaga yetgan, ikki o‘g‘ilning oqila onasi, tumandagi 34-maktabda yosh avlodga ona tili va adabiyoti fanidan saboq berib kelayotgan Fazilat bundan bir yil muqaddam suyukli turmush o‘rtog‘idan bir umrga ayrildi. Jufti haloli bu dunyoni erta tark etgan yoshgina ayol ota uyiga ikki go‘dagini quchoqlagancha qaytdi. Biroq, u ilgarigidek hayotga quvonch bilan boqmas, umidlari chil-chil sinib, norasidalarining baxti uchungina tirik edi. Ayriliq azobini-da ikki ko‘zidan olardi. “O‘lganga qo‘shilib o‘lolmaysan, sen farzandlaring kelajagi, jamiyat uchun kerakli inson bo‘lishing kerak, o‘zingni tut, Yaratganning sinoviga-da bardosh bergin” deya ota-onasi unga dalda berardi.

Shunday kunlarning birida “Yosh kitobxon” tanlovi e’lon qilindi. Ham ishlash barobarida Termiz davlat universitetining filologiya fakultetining ikkinchi bosqichida ikkinchi mutaxassislikni olish uchun sirtdan o‘qirdi. Jajji farzandlari Kamron va Quvonchbeklar uning ovunchog‘i, ish uning suyanchig‘i, o‘qish esa uning o‘rtog‘iga aylandi. “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanloviga-da qatnashib, umrining har soniyasini o‘zi va farzandlari uchun foydali mehnatga sarflashga qaror qilgan Fazilatni ota-onasi ham qo‘llab-quvvatladi. Turmushning bundayin og‘riqlariga bardoshni esa u kitoblardan, tarixiy allomalar hayotidan topdi. Aslida kamtar va kamsuqum, lekin matonatli va sermulohazali qahramonimiz o‘tgan yilning avgust oyidan boshlab tanlov shartlarida berilgan kitoblarning ro‘yxatidagi barcha kitoblarni, ya’ni sara adabiyotlarning 70 tasini bir emas, ikki marotaba hijjalab o‘qib chiqdi. Bu bilan ham cheklanmagan Fazilat 70 ga yaqin buyuk allomalar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlarni ham birin-ketin o‘qib o‘rgandi. Maktabda darsdan bo‘sh vaqtlarida kutubxona uning sevimli boshpanasiga aylandi. Uyga qatgach esa ikki farzandiga vaqt ajratib, osh-ovqatiga qaradi, usti-boshini to‘g‘irladi. Bo‘sh vaqtarini ona-bolalar aqliy o‘yinlar, mashg‘ulotlar bilan bezadi. Farzandlari uyquga yotganida esa Fazilat kitobga sirdosh bo‘ldi. Kezi kelsa, tunlari mijja qoqmasdan, mutolaa qiladigan qahramonimizga kitoblar yostiqdosh bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.

Kitoblarda yozilgan purma’no so‘zlar, qimmatli fikrlar, muhim ma’lumotlarni o‘qish va o‘ziga singdira turib, qahramonimiz besh oy ichida ellik yilga ulg‘aygandek bo‘ldi. U angladiki, tushkunlikka tushib, hayotini izdan chiqarishdan ko‘ra, bu dunyoda o‘ziga berilgan vazifani sidqidildan bajarsa, farzandlari va yaqinlarining yuzini yorug‘ qilib, yorqin kelajagi uchun zamin yaratsa, ana shunda turmush o‘rtog‘i ham boqiy dunyoda undan xursand bo‘lishini tushunib yetdi.

Yoshligidan shoirtabiat bo‘lib ulg‘aygan Fazilatning “Qaldirg‘och qo‘shig‘i” deb nomlangan ilk she’riy kitobi ham bosilib chiqqanidanoq ko‘rishimiz mumkinki, kitoblar uning ilgaritdan ham hayotining bir bo‘lagi bo‘lib kelgan.

Tanlovning tuman va viloyat bosqichlarida birinchilikni qo‘lga kiritgan Fazilat Diyorova respublika bosqichida viloyatlardan tashrif buyurgan yosh kitobxonlar bilan bellasha turib ham o‘zining kamini, ko‘nglidagi kemtiklikni bildirmadi. Bilimi, mehnati va tirishqoqligi sabab u mardonavor kurashdi.

Ushbu tanlovda ishtirokchilar badiiy asar sharhi, insho yozish, tezkor savol-javob, she’riyat hamda buyuk mutafakkir va adiblar hayoti, faoliyatini bilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Yakunda esa Fazilat Diyorova 3-o‘ringa munosib ko‘rildi. Unga mehnati-yu mahorati, bilimdonligi uchun 30 million so‘m mukofot berildi.

Mukofot pulini esa qahramonimiz ikki go‘dagining kelajakda yaxshi bilim olishi, o‘qib o‘rganib, el-u yurtga munosib insonlar qilib tarbiyalash, zamonaviy shart-sharoitda ulg‘aytirish maqsadida shahar tomonlardan subsidiya asosida uy olish uchun sarflash  niyatida.

Kitob o‘qib, ma’naviyati boyigan, dunyoqarashi kengaygan, allomalar hayotidan, jahon adabiyoti durdonalaridan bahramand bo‘lgan kishiga-da avtomobildan ham muhimrog‘i ushbu tanlovda ishtirok etishdir aslida. Minglab yoshlarni bilimi-yu topqirligi bilan ortda qoldiradigan kitobxon qimmatbaho sovg‘a-yu avtombilga havasmand bo‘lmasligi rost. Ma’nolar xazinasiga ega bo‘lish, dengiz ichra duru javohir topib, hayoti va faoliyatida undan samarali foydalanish muhimroq. Shuning uchun ham Fazilat tanlovda kelgusi yil ham ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.

Odatda kimdir yaqinidan ayrilsa, unga ovunchoq bo‘luvchi farzandlari, sevimli kasbi, yonida doimo madadkor bo‘lib turuvchilariga suyanadi. Ayriliqning achchiq azobini-da yengishiga kuch oladigan narsani esa yoshi kattalarimiz “kuygan yuragiga kulcha bo‘ldi” deya o‘xshatish qilishadi.

Hali o‘ttizga ham kirmagan, kichik farzandi bir yoshiga ham to‘lar to‘lmasdan, turmush o‘rtog‘i vafot etgan Fazilatning dardlarini yengishga, hayotga ildam qadam tashlashiga, og‘ir qismatni-da yengib o‘tib, qayta oyoqqa turishiga undagan narsa — o‘g‘illari Quvonchbek va Kamronbeklarning borligi, qolaversa, kitob bo‘ldi. Biroq farzandlarining kelajagini o‘ylab, u o‘zini tutishga, yashashga-da majbur edi. Og‘ir, bosiq, o‘n marta o‘ylab, bir marta gapiradigan, kamtarin va soddadil, lekin shijoati ichida qalqib turuvchi Fazilat ham ikki norasida go‘dagini oq yuvib oq tarashi, ham ota, ham ona bo‘lib ularning kelajagini porloq bo‘lishi uchun ularga shart-sharoit yaratib berish yo‘lida kitoblarga “bag‘rini” ochdi.

Uning og‘ir vaziyatdan chiqib ketishi, oldiga maqsad qo‘yib, olg‘a intilib yashashiga-da kuch bergan kitoblarning “kuchi”ni, inson hayotidagi ahamiyatini Fazilat singari boshqalar ham anglasaydi, ma’nolar xazinasini hayot “dastagi”ga aylantirganida edi, bugun hech kimni kitob o‘qishga majburlashga ehtiyoj qolmagan bo‘lardi.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

O‘zbekistonda dron ishlab chiqariladi

O‘zbekiston delegatsiyasining Malayziyaga xizmat safari davomida hamkor davlat bilan...

“Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot”...

O‘zbekiston—Rossiya: yangi mexanizm joriy etiladi

Rossiyada vaqtincha mehnat qilish istagidagi fuqarolar uchun O‘zbekistonda maxsus...

3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlari uchun imtiyoz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash...
KunTun
KunTun