Quturish kasalligi o‘tkir yuqumli zoonoz, ya’ni hayvonlardan odamga yuquvchi hastalik hisoblanadi. Kasallikni davolash va oldini olish choralari o‘z vaqtida ko‘rilmasa, natijada fojiali o‘lim bilan yakun topishi achchiq haqiqat. Bu kasallikni nerv hujayrasiga zarar yetkazuvchi viruslar qo‘zg‘atadi.
Quturish hastaligi insoniyatni qadim zamonlardan buyon davosining yo‘qligi hamda ayanchli holda o‘lim topishi bilan qo‘rquvga solib kelgan. Bu haqida Ibn Sino, Gippokrat, Ar-Roziy, Aristotel kabi buyuk mutafakkir olimlar o‘z asarlarida ma’lumotlar keltirib o‘tgan. XVIII asr o‘rtalarigacha “quturish kasalligining oldini olish choralari yo‘q!” deb kelingan edi, lekin XVIII asrning oxirlariga borib, kasallikka qarshi vaksina ixtiro qilindi. Ushbu vaksinadan hozirgi kungacha kasallikning oldini olishda foydalanib kelinmoqda.
Kasallikning yashirin davri odamlarda 12-14 kundan to bir oygacha cho‘zilishi mumkin, ayrim hollarda bir yildan ham oshadi. Biroq aksari quturgan hayvon tishlagandan so‘ng yoki terining tirnalgan, jarohat olgan yeriga uning so‘lagi tekkandan boshlab, o‘tgan 3 hafta bilan 3 oy o‘rtasida kasallik ko‘proq yuzaga keladi. Hayvon odam tanasining yuqori qismlaridan (bosh, bo‘yin, yuz, ko‘krak qafasi, qo‘l barmoqlari) markaziy nerv sistemasiga yaqin joylardan tishlashi kasallikning tez avj olishiga olib keladi. Yashirin davrda odam o‘zini sog‘lom his etadi (hayvonlar ham). Yashirin davrdan so‘ng, odam miyasiga g‘alati fikrlar keladi, be’mani tushlar ko‘radi, juda ham g‘azabkor bo‘ladi, aqldan ozadi, suvdan, shamoldan va yorug‘likdan qo‘rqadi, o‘zini qorong‘u joyga uradi, ko‘ziga har xil hayvonlar ko‘rinadi. Kasallik avjiga chiqqanda so‘lak ajralib boshlaydi, yutinish, nafas olish qiyinlashadi.
Kasallikning oldini olish uchun barcha uy hayvonlari quturish kasalligiga qarshi emlanishi kerak. Hayvon tishlaganda yoki uning so‘lagi tekkan har bir kishi zudlik bilan mutaxasis shifokorga (xirurg, travmatolog (rabiolog)) murojaat qilishi hamda zarur deb topsa, qutirish kasalligiga qarshi emlanishi shart (emlash qancha erta boshlansa kasallik oldi tez bartaraf etiladi ). Emlash kursi to‘la tugashi va to‘liq olinishi kerak, emlangandan so‘ng, 6 oy davomida spirtli ichimliklar iste’mol qilish qat’iyan man etiladi.
Agar odamni hayvon tishlasa yoki so‘lagi teriga tegsa shu zahoti oqar suvda sovunlab yuvib tashlash, jaroxat joyiga 70 foizli spirt, yod, brilliant yashili boshqa dezinfeksiyalovchi vositalar surtish va tezlikda kasalxonaning jarrohlik yoki travmatalogiya bo‘limiga murojaat etishi kerak. Mahalla va guzarlarda daydi it, hamda mushuklarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda veterinariya xizmati tomonidan choralar ko‘rish lozim.
A.Safarov,
Shoʻrchi tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi mutaxassisi