Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi, tuman, shahar bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Yer kodeksi” va boshqa qonun hujjatlarida sohaga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, yerlardan maqsadli va samarali foydalanish, ayniqsa, sug‘oriladigan yer maydonlarini asrab-avaylash, talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida viloyat miqyosida muntazam yer nazorati tadbirlari olib borilmoqda. Olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlariga qaramasdan hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yer maydonlaridan maqsadsiz hamda samarasiz foydalanish, noqonuniy qurilmalar qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari uchramoqda.
O‘rganishlar davomida joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 166 ta holatda 16,69 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi. Misol tariqasida, Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan tumanning “Imomtepa” mahallasida tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan yer uchastkasini Denov tumani “Buyuk ipak yo‘li” mahallada yashovchi fuqaro A.J.S tomonidan hech qanday huquqiy hujjatlarsiz 0.05 gektar yer maydonini egallab olib, 20 metr uzunlikda beton devor (poydevor) qurayotganligi holati aniqlandi. Holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan fuqaro A.J.S ning noqonuniy poydevor binosiga nisbatan MJTKodeksning 60-modda, 3-qismi bilan ma’muriy jarima qarori qabul qilinib, ogohlantirish xati berilgan.
Shundan so‘ng, tushuntirish ishlari natijasida noqonuniy qurilgan poydevor binosi fuqaro A.J.S tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishiga erishildi va ushbu yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi.
Shuningdek, Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasining tuman, shahar bo‘limlari mutaxassislari tomonidan yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘rganish, targ‘ibot, tushuntirish va profilaktik tadbirlari belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan javobgarlik belgilangan.
Muhim eslatma! Shu o‘rinda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlaridan yer va suv resurslaridan oqilona hamda maqsadli foydalanish, uni asrab avaylash, kelajak avlod uchun bus-butun saqlash, yer qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymasliklarini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz. Zero, qoununga ko‘ra yer qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan jismoniy va yuridik shaxslar ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
B.Safarov,
X.Umirov,
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi Axborot siyosati masalalari bo‘yicha boshliq maslahatchilari