Ta’lim tizimiga qaratilgan e’tibor negizida yosh avlodning puxta bilim olishi, salohiyatli bo‘lib tarbiyalanishi maqsadi mujassam. Shu jihatdan, nodavlat umumta’lim tashkilotlari ham faoliyat yuritmoqdaki, bu ota-onaga tanlash imkoniyatini beradi. Farzandini qaysi maktabga berishni unda yaratilgan imkoniyat, shart-sharoitlardan kelib chiqib tanlaydi. Aytish kerakki, bunday nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini ochish tadbirkorlar uchun ham qator imkoniyat va imtiyozlarni beradi. Bu prezidentning qabul qilingan “Nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish va ushbu jarayonga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish imkoniyatlarini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-49-son, 31.01.2024-y.) bilan yanada mustahkamlab qo‘yildi.
Qarorga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan bozor foiz stavkalarida milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 milliard soʻmgacha boʻlgan kreditlar boʻyicha, foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi. Qolaversa, nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari uchun binolarni yangidan qurgan yoki oʻzining bino va inshootlarida umumiy oʻrta taʼlim faoliyatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga ushbu taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan kommunal xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
2030-yil 1-yanvargacha esa yuridik shaxslarga oʻz mablagʻlari hisobidan nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari binolarini qurish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning foyda soligʻini hisoblashda 2 yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlash huquqi beriladi. Shuningdek, yangi nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va binolar qurish uchun joylardagi hokimliklar tomonidan har yili 1-martgacha maqbul yer uchastkalari aniqlanadi va 1-aprelgacha respublika boʻyicha umumiy maydoni 50 gektar yer uchastkasidan kam boʻlmagan manzilli roʻyxat tasdiqlash uchun Hukumatga kiritiladi. 1-maygacha tasdiqlangan manzilli roʻyxatga asosan yer uchastkalari “E-auksion” savdolariga mulk yoki ijara huquqi asosida chiqariladi.
Bunda, auksion savdolarida 3 oydan ortiq muddat sotilmay turgan yer uchastkalari savdodan yechilmasdan boshlangʻich narxini qadamma-qadam 50 foizgacha pasaytirish mexanizmini qoʻllagan holda, takroriy auksion savdolariga chiqariladi.
Date: