Mahalla institutining hayotimizdagi o‘rni va roli nihoyatda muhim. Ushbu institut risoladagidek ishlar ekan, mahallada aholi o‘rtasida hech qanday muammo yuzaga kelmaydi. Hech bir fuqaro ishsizlik, oilaviy masala va kelishmovchiliklardan so‘zlamaydi. Odamlarning yaxshi va sinovli kunlarida doimo yonida bo‘ladigan mahalla “yettiligi” o‘z xizmat vazifasini sidqidildan ado etishi, xalq ichida bo‘lib, ularning har birining qiziqishi, muammo va kamchiligini bilgan holda munosib yordamni ko‘rsata olishi kerak. Ayni jihatlarni hisobga olgan holda hamda Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmoni va “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyati mahallalarni qo‘llab-quvvatlash kengashining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, sohada alohida maxsus organ bo‘lmaganligi mahallalarni rivojlantirishdagi e’tiborni susaytirayotgani, mahallalar faoliyati ustidan nazorat va monitoring davlat organi zimmasiga yuklatilganligi, ularning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari maqomiga zid bo‘lib qolganligini qayd etdi. Ushbu masalaning yechimi sifatida Prezidentimizning Farmon va qarori bilan nodavlat notijorat tashkilot sifatida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning viloyat va tumanlardagi bo‘linmalari tashkil etilganini e’tirof etish o‘rinlidir.

Mahalla xalq bilan davlat o‘rtasidagi «ko‘prik» vazifasini amalga oshirar ekan, bunda uning xalqchil tuzilmaga aylanishini ta’minlash lozim. Har bir fuqaro o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish ishlarini amalga oshirishi kerak. Shu nuqtai nazardan olib boriladigan ishlar, chora-tadbirlarni kuchaytirish lozim.

Bundan tashqari, joriy yildan «Mahalla balansi» yagona platformasi yaratilib, bundan buyon, davlat organlari faqat yagona platforma orqali yuritiladigan hisobotlarni olishlari mumkin. Tizimda yana bir muhim jihat shuki, Investitsiya dasturlarini shakllantirishda mahalla «yettiligi» tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Viloyat rahbari ushbu yangi tizim bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish, mahallalarning chin ma’noda o‘sha hududning haqiqiy “egasi”, muammolarning manzilli yechimiga ko‘maklashuvchi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqaruvchi organiga aylantirish lozimligini ta’kidlab, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida Kengash a’zolarining ma’ruzalari tinglandi va Uyushmaning ta’sis konfrensiyasida Surxondaryo viloyati nomidan ishtirok etadigan delegatlar saylab olindi.
S.Normurodova,
I.Mengliyev
(surat)