O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni Surxondaryo viloyatida ham katta ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Bayram tantanalari Termiz shahridagi Xotira maydoniga Surxondaryo viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ofitser, serjant va harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida harbiy orkestr musiqa sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish bilan boshlandi. Jarayonda Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz yod etildi.
Shundan so‘ng, shahrimizdagi “San’at saroyi” majmuasida tantanali tadbir o‘tkazilib, Surxondaryo viloyati hokimi – Harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, barchani O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi.
E’tirof etish kerakki, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, harbiy xizmatga har tomonlama yetuk, Vatanparvar yoshlarni jalb etish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etilgan 2018-yildan buyon viloyatimiz mudofaa tizimi uchun mahalliy budjetdan 299 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, kuch tuzilmalari sharoitlarini yaxshilash va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirildi.
So‘nggi 7 yilda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga 488 ta ipoteka uylari topshirildi. O‘tgan, 2023-yilning o‘zida Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va Termiz tumanida joylashgan Chegara qo‘shinlari bo‘linmalari uchun jami 114 ta xizmat xonadonlari qurilib foydalanishga topshirildi. Termiz tumanidagi 20 ta xizmat uyi kapital ta’mirlandi. Chegara vzvodlarida 94 ta tikuvchilik, 41 ta qandolatchilik sexlari ishga tushirilib, 135 nafar harbiy xizmatchining oila a’zosi ish bilan ta’minlandi.
Termiz shahrida harbiy qurol-aslahalar, kutubxona, ma’naviyat bo‘limlarini o‘z ichiga olgan “Vatanparvarlar bog‘i”ning ochilishi voha yoshlarini harbiy-Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz.
Tantanali tadbirda Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda xizmat qilayotganlarning bir guruhi
viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bayram tadbirlari Termiz shahridagi “Grand Almaz” tantanalar saroyida, to‘kin dasturxon atrofida davom etdi. Qurolli Kuchlar orkestr va ansambl jamoalari va viloyat Madaniyat boshqarmasi san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi kecha sababchilariga bayram kayfiyatini ulashdi.