Prezidentimiz tomonidan aholini ma’naviy saviyasini oshirish, estetik zavq olishi uchun san’at, teatr sohasiga e’tibor kuchaymoqda. Ayni maqsadda “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–406-son, 25.12.2023-y.) qabul qilindi. Qaror bilan 2024–2025-yillarda respublikada o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejasi tasdiqlandi.
2024-yildan har ikki yilda bir marta oktabr oyida badiiy havaskorlik jamoalari o‘rtasida respublika tanlovi o‘tkaziladi.
2024-yil 1-apreldan esa “Madaniyat to‘lqinlari” media loyihasi amalga oshiriladi.
Media loyiha doirasida tanlov o‘tkaziladigan yo‘nalishlar va ularning konsepsiyasi belgilab berilib, jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va g‘oyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Aholi orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur mahalliy va xorijiy shaxslar ishtirokida “Yulduz bilan sayohat”, tegishli manzillarda esa “Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihalari amalga oshiriladi.
Bunda tegishli ko‘chalarda cholg‘u asboblari, rassomchilik va hunarmandchilik savdo rastalari tashkil etiladi. Har chorak yakunida har bir hududdan 10 nafar faol ijodkor BHMning kamida 20 baravari miqdoridagi pul mablag‘lari bilan rag‘batlantirib boriladi.
Qarorga ko‘ra, milliy madaniyatimizni xorijda faol targ‘ib etuvchi chet el fuqarolari, jumladan vatandoshlar faoliyatini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbek madaniyati elchisi” maqomini berish tizimi joriy etiladi.