Xitoyda yangi respirator virus tarqalib, bolalarni ommaviy ravishda qamrab olgani haqidagi xabarlar va video lavhalar ko‘payib ketdi. Ularda “Ko‘plab bolalar shifoxonaga yotqizilgani, yo‘tal yo‘q, ammo yuqori harorat (isitma) va o‘pkada tugunlar kuzatilayotgani” aytilmoqda. Bir necha yil avval koronavirus atalmish balo ham ayni shunday tarqalib, butun dunyoni tashvishga solganini hisobga olganda, bu xabarlar odamni vahimaga soladi, sergaklantirib qo‘yadi. Holatga nisbatan JSST Xitoydan profilaktika choralarini ko‘rishni, jumladan emlash, niqob kiyish, masofani saqlash, kasal bo‘lganda uyda qolish va muntazam ravishda qo‘l yuvishni tavsiya qilmoqda.
Aniqlanishicha, Xitoyda bolalar orasida tarqalgan virusli epidemiyaga gripp, adenovirus, mikoplazma pnevmoniyasi va respirator-sinsitial virus kabi ma’lum patogenlar sabab bo‘lgan. To‘g‘ri, bu kasallikning o‘chog‘i siatida Xitoydan kirib kelishini kutish noto‘g‘ri, aynan o‘sha davlatda bo‘lgan yoki u yerdan kelgan mahsulot va tovarlar orqali virus tarqaladi deyish ham asosssiz. Ammo, keyin afsus va attang qilmaslik uchun o‘zimiz va farzandlarimiz salomatligiga e’tiborliroq bo‘lib, ogohlikni qo‘ldan bermasligimiz kerak. Bugungidek, kunlar sovugan, qish qishligini qilayotgan bir paytda har qanday oddiy shamollash, gripp ana shunday o‘tkir patogenlarni keltirib chiqarishi hech gap emasligini hisobga olish shart.
Ho‘sh, gripp va shamollashning oldini olish, asosiy profilaktika choralarini qanday ko‘rish mumkin? Mutaxassis tavsiyasiga asosan ba’zi maslahatlarni berishni joiz deb bildik. Eng avvalo, tarkibida spirt bo‘lgan qo‘l tozalash vositalari yoki qo‘llarni sovun bilan tez-tez yuvishimiz lozim. Respirator gigiyenaga rioya qilish muhim. Yo‘talayotganda egilgan tirsak yoki qog‘oz salfetka bilan og‘iz va burunni berkitish, so‘ng salfetkani yopiladigan chiqindi idishiga tashlash lozim. Bu jarayonni farzandimizga ham o‘rgatsak, ularning-da salomatligi uchun bir xavfdan qutulgan bo‘lamiz. Bundan tashqari, gripga qarshi emlanish ham foydali. Shu bois oilaviy o‘z vaqtida emlanish lozim.
Agar o‘zimiz yoki farzandimizda isitma, yo‘tal yoki nafas qisilishi bo‘lsa, tibbiy yordam uchun imkon qadar ertaroq murojaat qilgan ma’qul. Yana bir gap, ish, maktabga boradigan ota-ona va bolalarning niqob taqishlari foydadan holi bo‘lmaydi, albatta. Sababi, gripp bo‘lsak, o‘zimizni, aksi bo‘lsa, boshqalarning gripini yuqtirmaslik uchun ham tibbiy niqoblar eng yaxshi himoya vositasidir.
Sovuq mavsumda tanani barcha kerakli moddalar bilan ta’minlash juda muhimdir. Sog‘lom va muvozanatli ovqatlanish immunitet tizimini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, zarur bo‘lgan bir qator ozuqa moddalar C, A, E, D, B6 kabi vitaminga boy taomlarni iste’mol qilish lozim.
Sovuq havoda yuvinib, soch yuvganda, yaxshilab quritishni unutmaylik. Nam sochlar tana haroratining pasayishiga olib keladi, bu esa immunitetga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Immunitet pasayishi bilan tana viruslarga to‘liq qarshi tura olmaydi.
Yilning boshqa fasllari kabi qishda ham odatiy ishlarimizni qilishni, ko‘chaga yumushlar bilan chiqishni cheklashning imkoni yo‘q. Shunday ekan, sovuq ob-havoda shamollab qolish hech gap emas. Ammo, immunitetimiz baland bo‘lsa, sog‘lom turmush tarziga amal qilsak, bizga hech qanday kasallik xavf sola olmaydi. Sog‘lom turmush tarzining muhim qoidalaidan biri yetarlicha uxlashga odatlanishdir. Sog‘lom va to‘liq uyqu kuchli immunitetning kalitidir. “Uyqu vaqtida tana infeksiya va yallig‘lanishga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan sitokinlarni — oqsillarni ishlab chiqaradi. Shuningdek, uyqu immunitet hujayralarining faoliyatini yaxshilashi mumkin. Shunday qilib, uyqu yetishmasligi kasallikka ko‘proq moyil qilishi mumkin. Katta yoshli odam kuniga 6-9 soat uxlashi kerak. Bordi-yu, kam miqdorda uxlashga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, kun davomida bir soat uxlab olish mumkin. Biroq kechasi yetarlicha uxlash salomatlik uchun yaxshidir.
Ha aytgancha, zavqlanish ham juda muhim. Ishonmasligimiz mumkin, ammo stress – shamollashga yo‘l ochuvchi yana bir muhim omildir. Bu isbotlangan fakt. Hissiy xotirjamlik jismoniy salomatlikka katta ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, surunkali stress immunitet tizimini zaiflashtirishi mumkin. Shuni ham aytish kerakki, afsuski, hech kim stressdan himoyalanmagan, lekin uning intensivligi va tanaga ta’sirini kamaytirishning bir necha samarali usullari mavjud. Bular meditatsiya, nafas olish amaliyoti, spirtli ichimliklarni iste’mol qilmaslik, jismoniy faoliyat, kulgili videolarni tomosha qilish yoki yaqinlarni quchoqlash kabilar…
Muntazam faollik ham shamollashning oldini olishga yordam beradi. Nafaqat jismoniy, balki ma’naviy qoniqish keltiradigan mashg‘ulotlarni tanlash, ya’ni sevimli sport turi bilan shug‘ullanish ham mumkin.
Yuqoridagi tavsiyalarga qaramay, shamollab qolgan bo‘lsangiz, darhol antibiotiklardan chora izlamang-da, uy sharoitida tezda davolanish choralarini ko‘ring. Sovuq mavsumda shamollash, burun oqishi, yo‘tal, o‘tkir respiratorli infeksiyalar xavf soldimi, ish tomoq va burunni chayishdan boshlanadi. Ko‘proq suyuqlik ichish joiz. Nonushta uchun limonli choy va bir osh qoshiq na’matak siropi tayyorlab, qabul qilishni kanda qilmaslik kerak. Dori vositalaridan yallig‘lanishga qarshilari yordamga keladi.
Shamollaganda iste’mol qilish tavsiya etiladigan mahsulotlar ro‘yxatini yozib olishingiz mumkin. Masalan, bunday paytda sabzi, ismaloq, bulg‘or qalampiri va xurmo iste’mol qilish mumkin. Go‘sht, mol jigari, pishloq, baliq yog‘i organizmni omega-3 kislotalari va A vitamini bilan to‘ldiradi. Qora smorodina, shuningdek, kivi, apelsin, tuzlangan karam C vitamini tanqisligini to‘ldiradi.
Unutmang, kasallik kechasi kuchayishi mumkin. Shunday paytda asal, limon, na’matak va smorodinali damlamalar tezroq tuzalishga yordam beradi. Muhimi, issiq vannalar qabul qilmaslik kerak. Namlik bakteriyalarning ko‘payishiga yordam beradi, ammo kasallik vaqtida ularning sonini imkon qadar kamaytirish lozim. Lekin xantalli oyoq hammomi tavsiya etiladi. Issiq suvda 2 osh qoshiq xantal suyultiriladi va vaqti-vaqti bilan issiq suv qo‘shib, 15-20 daqiqa ushlab turiladi. Jarayondan so‘ng, oyoqlarni sochiq bilan yaxshilab artib, quruq jun paypoq kiyishni unutmaslik lozim. Uyquga yotishdan oldin bir necha sarimsoq va piyoz bo‘laklarga bo‘linib, yotoq yoniga qo‘yish ham konu foyda.
Mutaxassis tavsiyasi asosida S.ALLAYEVA tayyorladi