Ochiq darsga doktor Santosh Kumari taklif etildi

Date:

Yurtimizda chet tillari, ayniqsa, ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan talab va qiziqish kuchayib, farzandlarimizni bolaligidanoq til o‘rganishiga shart-sharoit yaratib bermoqdamiz. Davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, amalga oshirilayotgan islohotlar negizida ham chet tillarini o‘rganishga katta e’tibor qaratilgan.
Til o‘rganish uchun o‘rganuvchining yoshi, sarflaydigan vaqti, nechog‘lik qiziqishi, o‘qituvchi tajribasi, o‘rgatishdagi uslub va yondashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, shu tilda gaplashuvchilar bilan muloqotda bo‘lish ham juda yaxshi natija beradi. Yuqoridagi barcha jihatlarni hisobga olgan holda xorijlik o‘qituvchilar O‘zbekiston maktablariga jalb etilmoqda. Surxondaryo viloyatida ham ushbu yo‘nalishda qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.


Kuni kecha ingliz tilini o‘rgatish, ta’lim tizimiga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida hindistonlik doktor Santosh Kumari Termiz shahridagi 26-maktab jamoasi tomonidan kutib olingan edi. Bugun esa mehmon shahrimizdagi 17-sonli maktabda tashkil etilgan ochiq darsga taklif etildi.
Doktor Santosh Kumari kutib olingach, ochiq dars boshlandi. Ingliz tili o‘qituvchisi Matluba Mamatraimova o‘z mahorat va bilimlarini ishga solgan holda birinchi sinf o‘quvchilariga navbatdagi saboqlarni berishni boshladi. Qiziqarli mashg‘ulotlar, metodlardan foydalangan holda o‘tilgan dars jarayonini kuzatib turib, vaqt qanday o‘tganini sezmay qolibmiz. Dars salomlashuv haqidagi qo‘shiq bilan boshlandi. O‘quvchilar maroq bilan raqsga tushib, qo‘shiqni birgalikda ijro etdilar. Shundan so‘ng raqamlar, ranglarni nechog‘lik bilishlari sinovdan o‘tkazilib, o‘yinchoqlar, turli buyumlardan foydalanildi. Ayniqsa, “ranglarni top” o‘yini qiziqarli tarzda o‘tib, bolajonlar faol ishtirok etdi.


Dars davomida o‘g‘il-qizlarning faolligi munosib rag‘batlantirib borildi. Turli kartochkalar, medallar, qarsaklar ularni yanada ruhlantirishga xizmat qildi. Bolalarning ingliz tilidagi suhbati, tanishuvlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. E’tiborli jihati shuki, o‘qituvchi dars davomida faqat ingliz tilida gapirdi. Bunga javoban bolalar ham o‘z fikrlarini, his-tuyg‘u va hayqiriqlari ham aynan shu tilda bo‘lgani, til o‘rganishdan ko‘zlangan maqsadga erishayotganini isbotlab turibdi.
Darvoqe, sinfxona til o‘rganish uchun muhim bo‘lgan buyumlar, materiallar bilan jihozlanish bilan birga milliylikka ham e’tibor qaratilgan. Bu har bir o‘quvchidan dunyo tillarini o‘rganayotib, o‘zlikni unutmaslikni eslatib turgandek bo‘ladi.


Dars jarayonini kuzatib turgan Santosh xonim, darsdan so‘ng o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi:
— Bugun qanday dars o‘tisharkin degan qiziqish bilan darsga kirdim. Sinfda sokinlik. O‘qituvchining sokinligi, kamsuqumlik bilan dars o‘tishi, ammo bolalarning faolligi e’tiborimni tortdi. Darsda ko‘zlangan maqsaddan ko‘ra ko‘prog‘iga erishildi. Bu o‘qituvchining yutug‘i.
Albatta, 2013-yildan buyon maktablarda birinchi sinfdanoq ingliz tili fanining dars sifatida kiritilgani, yozishni, o‘qishni bilmaydigan bolani tinglash orqali til o‘rganishiga imkon beradi. Ular tinglash, turli o‘yinlar va metodlar orqali o‘z tasavvur olamlarini kengaytirishga erishiladi. Bugungi ochiq darsda aynan birinchi sinf o‘quvchilari tanlanganidan maqsad ham shu edi. Bolajonlar o‘qishni boshlaganiga 2 oy bo‘lgan bo‘lsa-da, ingliz tilidagi boshlang‘ich bilimlarni, so‘zlarni, o‘z fikrlarini erkin bildira olishni o‘rganib olishgan.
Joriy o‘quv yili davomida surxondaryolik yoshlarga ingliz tilida dars berish maqsadida tashrif buyurgan Santosh Kumari esa o‘z oliga katta maqsadlar qo‘yib kelgan. O‘z uslubi va pedagogik metodlari orqali o‘zbek yoshlarining ingliz tilidagi darajasini ko‘tarishga erishmoqchi. Albatta, Santosh xonim bu borada maqsadga erishib, natija bilan fikrlarini isbotlashini aytib o‘tdi.

— O‘zbek yoshlarini kuzatib, amin bo‘ldimki, ularning til o‘rganishga ishtiyoqi va qiziqishi, asosiysi o‘zlariga bo‘lgan ishonchi baland ekan, — deydi S.Kumari. — Bu esa til o‘rganishni yanada osonlashtiradi. Ingliz tili o‘qituvchilarining bilimi, salohiyatiga ham yaxshi baho berdim. O‘z navbatida O‘zbekistonga kelishim istaymanmi-yo‘qmi, ikki davlatning ta’lim tizimini solishtirishga sabab bo‘ldi. Bizda yoshlar qiziqadimi-yo‘qmi til o‘rganishi kerak. Talab yuqoriligi uchun ham yurtimizdagi 60-65 foiz yoshlar ingliz tilida o‘z ona tilidagidek so‘zlasha oladi. Qolganlari esa erkin so‘zlasha olishmasa-da tushunishadi.
Ishonchimiz komil, ta’lim tizimimizga jalb etilayotgan xorijlik o‘qituvchilar o‘quvchi-yoshlarning til o‘rganish darajasini oshirib, davlatning kelajak taqdiriga tub burilish yasay olishadi. Albatta, har bir ingliz tili darsi bugungi ochiq darsdagi kabi muhitda o‘tilar ekan, ko‘zlangan maqsadga yetishimizga oz qolgan deya ishonch bilan ayta olamiz. Xorijlik o‘qituvchilarimizdan esa o‘quv yili yakuniga qadar ijobiy natijalarni kutib qolamiz.

Sayyora ALLAYEVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xalqaro kuzatuvchilar gazeta tahririyatida

Sanoqli kunlardan so‘ng, yurtimizda muhim siyosiy jarayonlar boshlanadi. Tayyorgarlik,...

Faqat Ko‘hitangda bor…

Ko‘hitang tog‘ tizmasi hududi O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston Respublikasining...

Sho‘rchida xrizantema yetishtirilmoqda

Bayram yoki tug‘ilgan kunimizda gul sovg‘a qilishsa, bahri dilimiz...

“Qo‘qon–Termiz–Qo‘qon” yo‘nalishi bo‘yicha…

Qaysidir viloyat yoki davlatga borishimizga to‘g‘ri kelsa, manzilga eng...
KunTun
KunTun