Toshkentda tashkil etilgan “Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlarining hamkorligi” mavzusidagi nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumini Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidan onlayn translyatsiya orqali kuzatib borish imkoniyati yaratildi. O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assatsiatsiyasi (O‘zNNTMA) va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor davlat organlari va NNTlar hamkorligida tashkil etilgan forumda milliy va xorijiy ekspertlar, sohaga aloqador vazirlik va idoralar hamda hududlardagi O‘zNNTMA bo‘linmalari xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Forumda ko‘tarilgan mavzular dolzarbligi, mamlakat rivoji yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishi bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda 2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi ijrosini ta’minlash hamda NNTlarning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qilish, ular bo‘yicha mamlakatimiz fuqarolariga xizmat qiladigan taklif va qarorlar qabul qilish uchun soha vakillari to‘plandilar.
“Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarning, ayniqsa, inson huquqlarini yanada mustahkamlash borasida mamlakatda olib borilayotgan siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi. Majlisda so‘z olganlar inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda davlat organlari hamda NNTlarning o‘zaro hamkorligida erishilgan natijalar va rivojlanish istiqbollari hamda NNTlarning sohaga oid tashabbuslari va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalarida ma’ruzalar qilib, o‘zaro fikr-mulohazalar almashdi.
S.Normurodova,
N.Muhibulloyev
(surat)