Prezidentimiz tomonidan ta’limga katta e’tibor berilayotgani hammamizga ma’lum, shuningdek yoshlarni bilimli va malakali etib tarbiyalash, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar tayyorlash maqsadida ta’lim tizimi izchil rivojlantirilmoqda. Buni Termiz davlat universiteti misolida ham ko’rishimiz mumkin. Keyingi ikki yilda yuqori salohiyatli 73 nafar xorijiy professor-o‘qituvchi o‘quv-amaliyot ishlariga jalb qilindi. Universitetning 110 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilari xorijiy OTMda malaka oshirdi.
So‘nggi 2,5 yilda 13,1 milliard so‘m qiymatga ega davlat granti va xalqaro loyihalar bajarildi. Universitetda yana qator innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Hozirda Termiz davlat universiteti Malayziyaning bir qancha universitetlari bilan xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘ygani ham universitet nufuzi, ilmiy salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda Malayziyaning Perlis, Terengganu va Utara universitetlaridan professor-o‘qituvchilar hamda talabalardan tashkil topgan delegatsiya TerDUda bo‘lib turibdi. Dastlabki uchrashuv delegatsiya a’zolari va universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori R.To‘rayev bilan bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda malayziyalik professor-o‘qituvchilar o‘z universitetlari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, taqdimot davomida oliygohimizda ingliz tilini o‘rgatish markazini tashkil etish loyihasi bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari universitetda yaratilgan zamonaviy qulayliklar, shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, 1850 o‘rinli yangi o‘quv binosida talabalarning jahon andozalari asosida tahsil olishlari uchun yaratilgan qulayliklarni mehmonlar alohida e’tirof etishdi. Auditoriyalarda olib borilayotgan dars mashg‘ulotlarida bo‘lishdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari 24-sentyabrga qadar TerDUda bo‘lib, talabalarga ma’ruza-mashg‘ulotlarini o‘tib berishadi.
Dinara Qo’zimurotova,
Naimullo Muhibulloyev
(surat)