Bolalarning beg‘uborligiga soya solmang, ustoz

Date:

…Kuz faslining to‘rtinchi kuni. Orziqib kutilgan birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangradi. Yo‘qori sinf o‘quvchilari, ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yib, zarur o‘quv qurollari bilan boyitilgan sumkani yelkasiga osgan jajji bolajonlarning quvonchi, hayajoni cheksiz. Oliygohni tamomlab, ilk bor ustoz maqomiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning-da qalbidagi hayajon ko‘z qarashida namoyon bo‘lmoqda. Uch oylik mehnat ta’tilidan qaytgan ustozlarningda ko‘zida quvonch.
Huvullab turgan maktab binolari, hovlisi, o‘zgacha did bilan bezatilgan sinfxonalar o‘quvchilarning shodon kulgusi, ustozlarning mehr to‘la nigohi bilan yanada go‘zallikka burkandi. Kimdir ustozini izlagan, yana birov dugonasi bilan so‘rashgan, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan qizaloq onasi bilan ustozi tomon intilgan. Xullas hamma o‘zi bilan o‘zi ovora.
Xizmat tufayli tadbir boshlanishidan biroz vaqtliroq borganim sababli, atrofga zimdan razm solaman. O‘quvchilarning u yoqdan bu yoqqa yurishi, 1-sinf bolajonlarining yugurishini tomosha qilish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Ayniqsa, maktabning bezatilgani, sinfxonadagi bezaklarning xona derazasidan yanada chiroyli ko‘rinishi, beixtiyor bolalikka qaytish ishtiyoqini uyg‘otadi.
“…Menga qara, nega maktab formasida kelmading. Bu nima yurish”, – taxminan 2-3-sinf o‘quvchisini yelkasidan ushlagancha, siltayotgan ustozning xatti-harakati diqqatimni tortdi. Qorachadan kelgan qizchaning yerga qarab, turgani, ustozning mag‘rurona qarashi, “Formasiz maktabga kelish mumkin emasligini bilmaysanmi? Mana bu yarmi oq, yarmi sariq ko‘ylagingni boshqa kiyib kelganingni ko‘rmay” deya unga balandroq gapirganini eshitib, to‘g‘risi bo‘g‘zimga nimadir tiqilganday, og‘ir yutindim. Egniga oddiygina ko‘ylak kiygan qizaloq, oyog‘idagi oq tuflisini bog‘ichi yechilgani sababli, uni to‘g‘irlay-to‘g‘irlay, dugonalari tomon yurdi.
Eh, ustoz, uzstoz. Uch oylik mehnat ta’tilidan qaytgan kuningiz, o‘zgacha sog‘inch bilan maktab ostonasiga qadam qo‘ygan quvonchingizni bunday kayfiyatda, muomalada kutib olishingizni qay darajada to‘g‘ri deb o‘ylaysiz?. O‘quvchingizni yelkasidan tutib, siltashdan avval uning oilasi, ota-onasi bilan bir bora suhbatlashdingizmi? Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati bilan tanishdingizmi? Balki ota-onasi maktab formasini sotib olish uchun mablag‘ topolmagandir. Ko‘p farzandli oila bo‘lgani uchun ro‘zg‘oridan orttirib, maktab formasini olishga iloji yetmagandir. Balki, qo‘shnisining non olishi uchun bor pulini berib turgandir… Shu qizcha, murakkab hayotning zarbalariga uchrab, buvisini yoki amma-xolasini qo‘lida qolib ketgandir. Ota-onasi topgan mablag‘ini ro‘zg‘ordan orttirib, bugun forma olib berishni niyat qilgandir. Sinfdoshlarini, ustozlarni, maktab doskasini sog‘inib, o‘zgacha quvonch bilan kelgan o‘quvchi sizning bu munosabatingiz, o‘quv yilining ilk kunida kutib olish jarayoningiz uning ko‘z yoshiga, g‘am-anduhiga sabab bo‘lishini nahotki o‘ylamadingiz…. Balki…

“Menga qara, nega buncha molga o‘xshab yugurasanlar, eshakmisan senlar. Hurmatingni bilib, qimirlamay, bir joyda tursang bo‘lmaydimi…” e vohhhh.
Mahoratli ustozning bu so‘zlari qalbim torlarini chok-chokidan sitib yubordi. Biz ta’lim-tarbiyani, muomala madaniyatini o‘rganadigan, uningdek bo‘lishga intiladigan o‘qituvchining gapirgan gapi, gapirish ohanggi qalbni titratadiya. O‘quv yilining birinchi kunidan o‘quvchilar shunday munosabatga munosibmi?! Maktabda sho‘x-shodon kuladigan, yugurib quvonchini-da namoyon etadigan bolalar hurmatni ustozidan o‘rganishi mumkinligini nahotki siz bilmasangiz. Bola yugurishi, quvnoq kulgusi va maftunkor yig‘isining so‘ngidagi xandon kulgusi tufayli ham bola-da. Aslida, bolalikning beg‘uborligi ham shunda-ku. Hozirdan bolalarning beg‘uborligiga soya solishingiz, ulardan o‘zingiz bilgan narsani talab qilishingiz qay darajada to‘g‘ri?! Uning yoshi, fikrlashi siznikidan ancha farq qilishini juda yaxshi bilasiz. Shunday ekan, bolalarning beg‘uborligiga soya solmang.
Maktab formasi haqida gapirilgan gapdan ko‘ra, navbatdagi ustozning bu so‘zlari qalbimni og‘ritdi. Ko‘zim yoshlandi. Qanday qilib, yurishdan ko‘ra, yugurishni ma’qul ko‘rgan bolalarni molga, eshakka o‘xshatish mumkin. Qolaversa, ustozlar, biz havas qilgan o‘qituvchilar shunday o‘xshatish qilsa. Rosti, quloqqa xunuk eshitilarkan.
O‘quv yilining birinchi kunida bolalar yuguradi, hayajonlanib yig‘laydi yoki kuladi. Axir uch oylik ta’tildan keyin qadrdon maskaniga kelgan bolalar quvonchini namoyon etishi kerakku. Ayniqsa, ilk bor maktabga kelgan bolalar o‘zini tutishni, fikrlashni, atrofdagilarga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini Siz aziz ustozlardan, murabbiylardan o‘rganadi. Shunday ekan, sizga, sizning yurish-turishingiz, xatti-harakatingizga taqlid qilib, o‘xshashga intilib ulg‘ayadigan bolajonlarning qalbini og‘ritmang. Ularga xatti-harakatingiz bilan namuna, so‘zingiz bilan ibrat bo‘ling!

Nigina Shoyeva
jurnalist

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun