Ayni kunlarda talabalik baxtiga erishgan yoshlarning hayajoni cheksiz. Shunday paytda kontrakt uchun qanday qilib kredit olish, qanday hujjatlar talab etilishini bilishmasligi aniq. Ana shunday holatlarda talaba-yoshlarga ta’lim krediti va qanday tartibda ajratilishi haqida ma’lumot beramiz.
Xo‘sh, ta’lim krediti qay tartibda ajratiladi?
Talabalarga ta’lim krediti ajratish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil qilingan bo‘lib, mazkur jamg‘arma orqali ajratilgan kreditlar foizi Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi, bugungi kunda 14 foiz. Jamg‘arma kreditlarni banklar orqali ajratadi. Kredit ajratadigan banklar ro‘yxati Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytida e’lon qilinadi. Boshqa ta’lim kreditlarning foiz stavkasi, ularni olish, qaytarish tartibini banklar mustaqil belgilaydi.
Ta’lim krediti o‘qish muddati bir yil va undan ko‘p bo‘lgan barcha OTMlarda, texnikum va kollejlarda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga beriladi. Bunda ta’lim tashkilotining davlatniki yoki xususiyligining ahamiyati yo‘q, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarga ham ta’lim krediti ajratiladi.
“Super kontrakt”ni to‘lash uchun ta’lim krediti berilmaydi.
Kredit olish uchun banklarga ariza, shartnoma (kontrakt) va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi (mavjud bo‘lganda), shartnomada o‘qishni tamomlashning muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim, garov va kafillik bo‘yicha hujjatlar taqdim etiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga garov va kafillik talab etilmaydi. Mazkur hujjatlar bilan bir vaqtda pasport yoki ID-karta ko‘rsatiladi (mazkur hujjatlarning nusxalarini arizaga qo‘shib topshirgan ma’qul).
Arizani istalgan vaqtda berish mumkin, aniq cheklovlar mavjud emas. Ariza 5 ish kunida ko‘rib chiqilib, kredit ajratish yoki rad etish haqida qaror qabul qilinadi. Ariza rad etilganda uning sababi ko‘rsatilishi kerak. Kredit berish ma’qullanganda, talaba va bank o‘rtasida bir yillik kontraktni to‘lash haqida shartnoma tuziladi. Keyingi o‘quv yili uchun kredit olishda talaba o‘sha yil uchun shartnomani olib keladi va qo‘shimcha kelishuv tuzilib, kredit ajratiladi.
Kredit Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida, ya’ni 14 foiz miqdorda ajratiladi. Barcha xotin-qizlar uchun esa kredit foizlari jamg‘armaning o‘zi tomonidan qoplanadi. Bu degani xotin-qizlarga kredit FOIZSIZ ajratiladi.
Kredit kontrakt miqdorini to‘rtga bo‘lib o‘tkaziladi. Kontraktni har yarim yilda yoki birdaniga to‘lash kerak bo‘lsa, talabaning yozma arizasiga asosan kontrakt 2 ga bo‘lib yoki birdaniga to‘lanishi mumkin.
Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Foiz to‘lovlari esa bank tomonidan belgilangan muddatda to‘lanadi. Talaba kreditning asosiy qarzi va (yoki) foizini 180 kundan ko‘p muddat to‘lamay yursa, bank garov hisobidan qarzdorlikni qoplaydi.
Ta’lim krediti olmoqchimisiz?
Date: