Quruvchilar sharaflandi

Date:

Termiz shahri so‘nggi bir necha yil ichida katta qurilish maydoniga aylandiki, natijada shahrimiz yangi qiyofa, zamonaviy ko‘rinish kasb etdi. Osmono‘par binolar, kamalak misol tovlanuvchi favvoralar, ko‘zlarni quvnatuvchi gullar, toza va ozoda ko‘chalar ko‘rgan ko‘zni quvnatadi. Bunday bunyodkorik ishlari faqat Termiz shahrida emas, Surxondaryo viloyatining barcha tumanlarida ham amalga oshirildi. Natijada, shu kunga qadar viloyatda 2 mingdan ziyod obyektlarda 2 trillion 471 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi.

Investitsiya dasturi doirasida 35 ta maktab, 21 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 3 ta oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, 300 o‘ringa mo‘ljallangan “Tibbiyot klasteri” qurilishi jadallik bilan amalga oshirildi, bu boradagi ishlar davom etayotir. Bu bilan kifoyalanmay, Prezidentimizning viloyatga tashrifidagi topshiriqlar bayoniga asosan 61 ta maktabda hamda bog‘cha, sog‘liqni saqlash obyektlarida ham ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.


Ta’kidlash joizki, amalga oshirilgan katta bunyodkorlik ishlari, o‘zgarishlar ortida quruvchi-ustalarning, me’morlarning zahmatli mehnati yotibdi. Ayni ularning harakatlari samarasi o‘laroq, bugun viloyatimiz qiyofasi tubdan o‘zgargan. Soha mehnatkashlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida esa yurtimizda har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan Termiz shahridagi Afruz tantanalar saroyida surxondaryolik soha xodimlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.


Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Yangilanayotgan Surxondaryoning yangi qiyofasini barpo etish, shahar va tumanlar taraqqiyotini ta’minlash, aholimiz hayotini yanada obod va farovon etishda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shayotgan mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlar, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillari – ming-minglab bunyodkor qurilish sohasi xodimlarini bayram bilan muborakbod etdi.


Qolaversa, quruvchilarimizning mashaqqatli mehnatlari evaziga “To‘palang” suv omboridan Termiz shahri va 11 ta tumanning 1 mln 700 ming aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlovchi mega loyiha amalga oshirilayotganligi, aholiga munosib turar joy binolari qurilishini ta’minlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 5 090 xonadondan iborat 145 ta, shuningdek, tadbirkorlik subektlari tomonidan 5 956 xonadondan iborat 101 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilayotganligi qayd etildi.


Qurilish sohasining bir guruh vakillariga viloyat hokimligining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari tantanali topshirildi. Bu ularning mehnatlarining, izlanish va harakatlarining shirin mevasi bo‘lsa va kelgusidagi faoliyatida yanada ruhlantirsa, ajab emas. Taqdirlash marosimidan so‘ng, kecha sababchilari to‘kin dasturxon atrofida samimiy suhbat qurib, xursandchilikni davom ettirdilar. Estradamizning yorqin yulduzlari Feruza Jumaniyozova, Sevinch Ismoilova va Osman Navro‘zov kabi xonandalarning chiqishlari esa bayramga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Islom Mengliyev

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Loyihalar qog‘ozdan hayotga ko‘chmoqda

Bugun shahrimiz tobora chiroy ochib, yangidan yangi binolar qad...

Ekologik barqarorlikni ta’minlab

Ayni qish faslida ham bahor nafasi ufurib turgan kunlarda...

Ayrim tashkilotlarning ishtiroki cheklandi

Oliy Majlis Senati Kengashining 2025-yil 13-yanvardagi KQ-V-34-sonli qaroriga asosan...

Ijtimoiy va iqtisodiy holat yaxshilanmoqda

Hududlarda og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan...
KunTun
KunTun