Korrupsiya mamlakatni ichdan yemiradigan, rivojlanishning “beliga” tepadigan, jamiyatni tanazzulga yuz tutdiradigan illat ekanligi hammamizga ma’lum. Biroq korrupsiyaga befarq qaramayotganimiz, izchillik bilan kurash olib borayotganimiz ham ayni haqiqat. Surxon eli azaldan kurashlar maskani hisoblangani o‘laroq, ana shu kurashlarimiz korrupsiya bilan kurashga ko‘chgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo, ushbu yo‘nalishdagi kurashlarimiz ko‘pam ijobiy natijasini bermayotgani masalaning og‘riqli tomonidir. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, viloyatda joriy yilning oʻtgan 5 oyi mobaynida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni keskin ortgan. Masalan, 2023-yilning 5 oyi (2022-yil 5 oyi) mobaynida jami 225 (194) ta jinoyat ishi boʻyicha 307 (234) nafar shaxs tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan jinoyatlar soni 31 taga, jinoyatlar sodir etganlar soni esa 73 nafarga koʻpaygan.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, asosiy poraxoʻrlik jinoyatlari quyidagi sohalarda koʻproq sodir etilmoqda: Jumladan, bank tizimida 51(38) nafar (+13 nafarga); energetika tizimida 23 (5) nafar (+18 nafarga); mahalliy hokimliklarda 17 (2) nafar (+15 nafarga); suv xoʻjaligi tizimida 12 (3) nafar (+9 nafarga); sogʻliqni saqlash tizimida 10 (8) nafar (+2 nafarga); kadastr agentligida 8 (3) nafarni (+5 nafarga) tashkil etgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hududiy Kengashi tomonidan 2022-yil va 2023-yilning 5 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingda ochiq-oydin so‘z bordi. Brifingda Hududiy kengash raisi oʻrinbosari Abdukarim Axmedovning axboroti tinglandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy Kengashining 2022-yil davomida va 2023-yilning 5 oyidagi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan amalga oshirilib kelinmoqda.
Ish rejaga asosan, hisobot davrida hududiy Kengashning 15 ta hisobot yigʻilishlari oʻtkazilib, ularda korrupsiya holatlari koʻp uchrayotgan jami 24 ta hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari, jumladan, viloyat Sogʻliqni saqlash, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Maktabgacha va maktab ta’limi, Bandlik, Kadastr, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmalari, Markaziy bank va tijorat banklari, “Hududgaz Surxondaryo”, “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi, “Amu-Zang” irrigatsiya tizimi va viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining hisobotlari eshitilib, muhokama etildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan chora-tadbirdar rejasi ishlab chiqilib, ijrosi boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni”ga bagʻishlangan Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida hududiy Kengash a’zolari va keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda “Korrupsiya rivojlanishimizga toʻsiq” hamda yoshlar oʻrtasida “Korrupsiyaga yoʻq deylik” va “Yoshlar korrupsiyaga qarshi” shiorlari ostida jami 36 ta targʻibot tadbirlari va aksiyalar oʻtkazildi.
Hududiy Kengash faoliyatini yoritish uchun viloyat hokimligining saytida alohida rukn ochildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalarida muhokama qilib borish amaliyoti joriy etildi. Unda hududiy Kengashning yigʻilishlarida berilgan topshiriqlar ijrosi boʻyicha hamda hozirgi kunda korrupsion holatlar koʻp kuzatilayotgan sohalarda uning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan choralarni koʻrish masalalari muhokama etib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil Hududiy kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlar joylardagi barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiyligi belgilab qoʻyilgan. Biroq, ba’zi korxona, tashkilot va idoralarda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari talab darajasida olib borilmayapti, sohada amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilmoqda. Xolbuki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi Farmonida barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarida mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi kurashishish boʻyicha xodim biriktirilishi belgilangan. Shunday boʻlsa-da, ayrim korxona, tashkilot va idoralarda korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmasi faoliyati yoʻlga qoʻyilmaganligi sababli, mazkur tashkilotlar bilan hududiy Kengash oʻrtasida hamkorlik qilishda qiyinchiliklar kelib chiqmoqda. Bu kabi salbiy holatlar Respublikada viloyat reytingining pasayishiga olib kelishi mumkin.
0Bundan tashqari, Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon bilan tasdiqlangan roʻyxatda jami 35 ta ma’lumotlar, shundan, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan 18 ta ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni oʻz rasmiy veb-saytlarida ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirish va doimiy yangilab borish belgilangan boʻlsa-da, Termiz shahri va Uzun, Sariosiyo, Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Sherobod, Boysun tumanlari hokimliklari veb-saytlarida joylashtirilishi majburiy boʻlgan axborotlar umuman kiritilmagan, shuningdek, birorta tuman (shahar) hokimligi veb-saytida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha alohida boʻlim (RUKN) tashkil etilmagan. Bu holat ommaviy axborot vositalari vakillari va aholi uchun sohaga oid axborot olishda muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lmas ekanmiz, tanish-bilishchilik, yuzxotirchilikni, yengilning ostidan, og‘irning ustidan yurishga chek qo‘ymas ekanmiz, korrupsiya bilan kurashib, uning har qanday ko‘rinishini ildizi bilan qo‘porib tashlashga har birimiz bosh qo‘shmas ekanmiz, ko‘zlangan natijaga erisha olmaymiz. Shuning uchun ham barcha hokimlik, boshqarma, korxona, tashkilot va idoralar rahbarlari ishlarni davlat Dasturida belgilangan tartibda tashkil etishda va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarning ham faol ishtirok etishi muhimdir.
Adolat MO‘MINOVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV,
(surat)