Soʻnggi paytlarda onlayn qimor oʻyinlari ayrim toifadagi insonlar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bunday oʻyinlar natijasida nafaqat moliyaviy taʼsirga, balki qaramlikni keltirib chiqaruvchi hissiy taʼsirga ham tushib qolish holatlari koʻp uchramoqda.
Milliy urf-odatlarimiz va mentalitetimizga, shuningdek, diniy qarashlarimizga yot boʻlgan qimor oʻyinlarini noqonuniy ravishda tashkil etish holatlari, ayniqsa, onlayn tarzda ommalashib, oʻsmir va yoshlarni oʻz domiga tortayotgani achinarli holatlardan biridir. Hattoki, bunday oʻyinlarda koʻp miqdoridagi pulini yutqazib qoʻyib, oxir-oqibat oʻz joniga qasd qilish yoki yutqazib qoʻygan pulini toʻlash uchun jinoyat sodir qilish holatlari ham yuz bermoqda.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda respublikamizda totalizator va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish va albatta, bunday xizmatlarni reklama qilish noqonuniy hisoblanadi.
Tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish hamda oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasida jinoyat sifatida belgilab qoʻyilgan. Qolaversa, bunday oʻyinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, shuningdek voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asolangan boshqa oʻyinlarda ishtirok etishga jalb qilish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 191-moddasida maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida eʼtirof etilgan.
Voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarga jalb qilish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud toʻrt oygacha qamoq bilan jazolanadi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarning qonunga xilof ravishda tashkil etilishi va oʻtkazilishi fuqarolarga nafaqat ruhiy taʼsir oʻtkazadi, balki moliyaviy qaramlikka duchor etib, oilaviy nizolarga ham sabab boʻladi. Shuningdek, ushbu faoliyat naqd pullarning bankdan tashqari muomalasi koʻpayishiga, soliqlar va boshqa toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlanishiga yoʻl ochadi hamda shu orqali mamlakatimizning iqtisodiy ravnaqiga putur yetkazadi.
Shunga koʻra, fuqarolarning ogohligini oshirish, davlatning bu boradagi nazoratini kuchaytirish hamda ota-onalar tomonidan oʻz farzandlarining boʻsh vaqtlaridan unumli foydalanishi ustidan muntazam nazorat olib borilishi yuqoridagi kabi salbiy illatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
J. MEYLIYEV,
harbiy xizmatchi