Hammamizga ma’lumki, ortda qolgan anomal sovuq kuz-qish mavsumiga har galgidanda puxta tayyorgarlik ko‘rishni shart qilib qo‘ydi. Gaz yetkazib berishda, elektr energiya bilan bog‘liq uzilishlar bo‘lishi, qishloq joylarda ikki soatlik rejim bilan elektr energiya berilishi sohada jiddiyroq chora-tadbirlar amalga oshirishni taqozo qilib qo‘ygani ham rost.
Bundan to‘g‘ri xulosa chiqardikki, joriy yildan boshlab gaz tanqisligiga uchrab, isitish tizimlarida muammolar yuzaga kelib, qoq qishning chillasida “sichqonning ini ming tanga” bo‘lib qolmasligi uchun ham erta bahordan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boshlab yuborildi. Shuningdek, byudjet tashkilotlari, ijtimoiy soha obyektlarini ko‘mir bilan isitishga o‘tilishi belgilandi va hududlarda belgilangan inshootlarga quyosh panellari o‘rnatilib, shu bilan bir qatorda ko‘mir yoqishga moslashtirila boshlandi.
Savol tug‘ilishi tabbiy. Viloyatimizga ko‘mir qayerdan oliob kelinadi va qancha omborlarda qanday miqdorda ko‘mir mahsulotlari mavjud. Belgilangan barcha inshootlarga ko‘mir zaxira qilindimi, bir so‘z bilan aytganda, biz ko‘mir yoqishga tayyormizmi? Vohamizdagi belgilangan obyektlarga ko‘mir yetkazilish ishlari qanday kechmoqda?
Bu haqda viloyat Matbuot uyida “Oʻzbekkoʻmir” AJ va “Koʻmir ta’minot” MCHJ tomonidan Surxondaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil javob berildi. Ushbu anjumandan ko‘zlangan maqsad viloyatimizdagi budjet tashkilotlarini 2023/2024-yillar kuz qish mavsumi uchun mahalliy koʻmir bilan ta’minlashning borishi va bu boradagi yutuq va muammolar bilan OAV vakillarini tanishtirishdan iborat.
Matbuot anjumanida “Oʻzbekkoʻmir” AJ Axborot xizmati rahbari Ne’mat Dushayevning axboroti tinglandi.
Surxondaryo viloyati boʻyicha joriy kuz-qish mavsumi uchun budjet tashkilotlarini 38 ming 538 tonna mahalliy koʻmir bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda maktabgacha va maktab ta’limi, sogʻliqni saqlash, madaniyat va turizm tizimi, yoshlar siyosati va sport boshqarmasi hamda kollejlar boshqarmasi tasarrufidagi muassasalarga har kuni 800 tonnadan 1200 tonnagacha ko’mir mahsuloti tarqatilib, bu boradagi ishlar muvaffaqiyatli yakunlanmoqda.
Filial tasarrufida 12 ta hududiy koʻmir ombori faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yilning 20-iyun holatiga ushbu omborlarda “Uzbekkoʻmir” AJ tomonidan 37 ming 360 tonna mahalliy koʻmir qabul qilib olinib, shuning 36 ming 991 tonnasi tarkatildi. Ayni paytda omborlarda 368 tonna zaxira mavjud.
Viloyatdagi byudjet tashkilotlari bilan shartnomalar oʻz vaqtida tuzilib, pul mablagʻlari koʻchirib berilmoqda.
Budjet tashkilotlariga berilayotgan mahalliy koʻmir “Angren” koʻmir koniga tegishlidir.
Matbuot anjumani ommaviy axborot vositalari xodimlarining qizg’in muhokamasi va savol-javoblari bilan yanada mazmunan boyidi, desak adashmagan bo’lamiz. Sohadagi kamchiliklar va yechimini kutayotgan muammolar ham o’rtaga tashlandi.
Anjumandan soʻng viloyatdagi hududiy koʻmir omborlariga press-tur ham tashkil etildi.
Adolat MO‘MINOVA