30-iyun “Yoshlar kuni” munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab e’tiborga molik tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari, talov-u musobaqalar tashkil etilib, yoshlarning faollik ko‘rsatayotgani quvonarli hol, albatta. Bunday tashabbus yigit-qizlarning nafaqat vaqtini chog‘, kayfiyatlarini ko‘tarmoqda, balki har jihatdan foydali ekani bilan, sog‘lom turmush tarziga, kitobxonlikka oshno qilishi, ma’naviyat, ma’rifat ulashishi bilan ahamiyatli.
Termiz muhandislik-texnologiya institutida professor-o‘qituvchilar, turli sohalarda samarali faoliyat yuritgan faxriy mehmonlar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ayni sana munosabati bilan “Uch avlod uchrashuvi” va “Zamonamiz qahramonlari” nomli davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.
Albatta, yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishi, muhim qarorlarni qabul qilishlarida kattalarning, yoshi ulug‘ otaxon-u onaxonlarning hayot yo‘li, tajribasi bir maktab vazifasini o‘tasa, ularning purma’no nasihat-u o‘gitlari foyda bo‘lsa borki, aslo zarar emas. Uch avlod uchrashuvida ana shunday qimmatli fikrlar, zaruriy nasihat va tavsiyalar qilindi. Ayniqsa, hayotiy voqealar bilan birgalikda bu suhbatlar yanada maroqli bo‘ldi.
Bugunning, zamonamizning qahramoni har kim bo‘lishi mumkin, yoshlar ham, katta avlod vakillari ham. Ular kim va qanday yoshda bo‘lishlaridan qat’iy nazar jamiyatga o‘rnak va namuna bo‘lgulik insonlardir. “Zamonamiz qahramonlari” nomli davra suhbatida ana shunday qahramonlar taklif etildi va ularning muvaffaqiyat sirlari oshkor etildi.
Mazmunli va samimiy tarzda o‘tgan bu uchrashuvdan uch avlod vakillari birdek mamnun bo‘lishdi.
S.Davlatova