“CHIQINDIOLOGIYA” YOXUD YAPONCHA FARZAND TARBIYASI

Date:

Bugun sizlarga aytib bermoqchi bo‘lgan voqeam chiqindi tashlash odobi haqida. Yaponiyaga kelgan ko‘pchilikni birinchi bo‘lib duch keladigan hodisalaridan bittasi chiqindi tashlash madaniyati bo‘lsa ajabmas. Hattoki, xorijlik talabalarga dastlabki darslarda qanday qilib, haftani qaysi kunlari qanday turdagi chiqindini to‘kish, turlarga ajratish haqida tushuntirish ishlari qat’iy olib boriladi. Bir so‘z bilan aytganda, bizga bolaligimizda o‘tilgan “Manaviyat asoslari” degan fanga o‘xshagan, “Chiqindi to‘kish asoslari” degan fan. Balkim, shuning uchun Yaponiya nihoyatda toza va ozodadir. Xullas, ishxonadagilar bilan bir bayramga borishimizga to‘g‘ri kelib qoldi. Direktor o‘rinbosariga o‘xshab ketadigan lavozimdagi odam, mashinasida birga ketaylik deb taklif kiritdi. Birga yo‘lga chiqdik va bayramga ketishdan oldin ikkita farzandi bog‘chadaligini, ularni bog‘chadan olib, uyga tashlab o‘tib ketishimizni iltimos qildi. Bolalarni bog‘chadan olib, uyi tomon otlandik. Yo‘lda biz u odam bilan gaplashib ketardik, bolalar o‘zlari orqa o‘rindiqda bir-biri bilan o‘ynab, gaplashib ketishardi. To‘satdan, ikkita yosh bola bir-biri bilan o‘ynab, bittasi qo‘lidagi ichilib bo‘lingan bo‘sh baklashkani mashina oynasidan ko‘chaga uloqtirdi. Biz o‘zimizda nafaqat bolalar kap-katta odamlar qiladigan “odatiy hol” bo‘lganligi uchun, unchalik e’tibor qilmadim. Katta yo‘l, to‘xtashning iloji yo‘q. Yaqin orada mashina qayrilib olib, orqaga qaytish uchun buriladigan joy yo‘q. U inson to‘xtashga bir amallab joy topdi-da, to‘xtab, o‘sha baklashkani mashina oynasidan uloqtirgan bolasini olib, 1-1,5 chaqirim orqada qolib ketgan joyga piyoda ketdi va o‘sha baklashkani olib keldi. Manzilga etib borguncha, bolalariga urushmay, so‘kmay, qattiq gapirmay tushuntirib ketdi: — Quloq sol, hozir qilgan ishing bu — qonunbuzarlik. Sen jinoyatchi bo‘lding. Hozir sen bitta chiqindi tashlasang, keyin boshqasi tashlasa, hammayoq chiqindi bo‘lib ketadi. Yaponiya chiqindixonaga aylanib ketsa, xohlaysanmi shunaqa joyda yashashni? Ustiga-ustak ko‘chalarni qiynalib tozalayotgan odamlarning mehnatiga achinmaysanmi? Yoqadimi kimdir sening chiroyli kiymingga nimadir iflos narsa otib yuborsa? Bu baklashkani ko‘rsatilgan joyga tashlasang, qayta ishlab chiqaradi. Ko‘rdingmi bitta shu ishing bilan qancha joyga zarar yetkazding. Bundan keyin boshqa bunday qilmanglar ho‘pmi? — Ho‘p bo‘ladi, ota. — Yakusoku? ( Vada berasanmi?)

— Hai, yakusoku.

Bolalarni uyiga tashlab, bayramga ketdik. Lekin mana bir necha kundirki, o’sha voqea xayolimdan ketmaydi. U inson aytgan gaplari bilan, xatti-harakatlari bilan nafaqat bolalariga tarbiya berdi, balkim, menga ham. Bola-ku bola, endi men ham chiqindi to‘kish asoslari faniga yaxshilab e`tibor qarataman. Ana yaponcha tarbiya, ana yaponcha tozalik, ana yaponcha tartib intizom. Yaponiya o‘zidan o‘zi bunday mamlakatga aylanib qolmaganligini yana bir kichik isboti. Bekorga yapon futbol ishqibozlari butun dunyo mediyasini larzaga keltirmadi.

Umuman yaponlarda chiqindi to‘kish san’at darajasiga chiqqan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Oddiygina bir idishga hamma chiqindini tashlash emas. Chiqindilarni yonadigan, yonmaydigan, ovqatlarning qoldig‘i, katta chiqindilar kabi o‘nlab turlarga bo‘lib, alohida-alohida idishlarga tashlashadi. Bu esa bolalarga bog‘cha davridan o‘rgatiladi. Bizning farzandimiz ham nimadir shirinlik yoki meva yeydimi chiqindisini chiqindi idishga tashlab keladi.

Xulosa o‘rnida, bugundanoq, hozirdanoq, shu maqolaga ko‘zingiz tushishi bilanoq, farzandlaringizga chiqindini maxsus joylarga tashlashni o‘rgating! Axir, bolani tarbiyalashning eng yaxshi usuli o‘zingizni tarbiyalashingizdir deya bejiz ayishmagan.

Bahodir Iskandarov

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

BHMning 6 baravari miqdorida

Hukumat qarori bilan «Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan...

Yangi O‘zbekistonni barpo etish, fuqarolar farovonligini ta’minlash va mamlakatimizning...

Mavsum samarali tashkil etildi

Shoʻrchi tumanidagi 14-maktabgacha ta'lim tashkilotida “Yozgi sog'lomlashtirish mavsumini...

Jarimasi 3 750 000 so‘m

Viloyatiʼ prokuraturasi xodimlari, viloyat Ekologiya boshqarmasi hamda Milliy gvardiya...
KunTun
KunTun