Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “San’at saroyi”da Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan koʻrsatilgan nomzod Maxmudova Robaxon Anvarovnaning surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbirda partiya faollari, deputatlar, mehnat faxriylari, faol xotin-qizlar va yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat Kengashi raisi Rustam Hamrayev kirish soʻzi bilan ochib berdi. Shuningdek, tadbir davomida partiyadan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning bosh ishonchli vakili tomonidan yigʻilganlarga nomzod haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan soʻng, nomzod dasturida ilgari surilgan 9 ta ustuvor maqsad, ya’ni “Huquqiy davlat qurish — pirovard maqsadimiz”, “Ijtimoiy adolatni va milliy iqtisodiyotimizning barqaror oʻsishini ta’minlaymiz”, “Ilm-fan, innovatsiyalar va ta’lim sohasining barqaror rivoji — taraqqiyotimiz kafolati”, “Aholi salomatligi — ulkan boylik” kabi yoʻnalishlarda qonun ustuvorligini ta’minlash, tibbiyot xodimlari va oʻqituvchi-pedagoglarning maqomini mustahkamlash, ularning mehnatini ragʻbatlantirish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy qilish, “Aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirish vazifalari belgilanganligi alohida ta’kidlandi.
Nomzod dasturidan oʻrin olgan ijtimoiy sohaga oid takliflariga toʻxtalarkan, “Ijtimoiy davlat – 2030” dasturi va “Tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish, dorilarning yagona elektron bazasini takomillashtirish orqali ularning noqonuniy aylanmasiga, farmasevtika va tibbiyot xodimlarining yashirin kelishuvlariga chek qoʻyish hamda narxlarning asossiz oshirilishining oldi olish, yoʻlsozlik sohasidagi ishlar sifati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, dasturda xotin-qizlarning jamiyat siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, ularning yanada chuqur bilim va kasb mahoratiga ega boʻlishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, yuksak intellektual salohiyatga ega boʻlgan ayollarni davlat boshqaruvi organlarining barcha sohalari va boʻgʻinlariga jalb qilish, oilalarda teng huquqli va adolatli munosabatni, ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sogʻlomlashtirishning samarali mexanizmlarini yaratishga oid takliflar ilgari surilayotganligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi deputati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha Vakili (Ombudsman)ning Surxondaryo viloyati boʻyicha mintaqaviy vakili, Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti dotsenti Abdurashid Artikov, Xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tuman Kengashi deputati, Jarqoʻrgʻon kichik biznes va yengil sanoat texnikumi direktori Qizlarshoy Raxmatova, “Amudaryo” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi direktori, partiya faoli Shohida Xolliyeva, Termiz davlat universiteti yuridik fakulteti 2-bosqich talabasi Davlatbek Abduqahhorovlar soʻz olib, Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning Saylovoldi dasturi xalqchil, yurtparvar gʻoya va maqsadlar jamlanmasi ekanligini e’tirof etish barobarida, yigʻilganlarni kutilayotgan muhim siyosiy, tarixiy tadbirda Robaxon Maxmudovaga ovoz berishga chaqirishdi.
Konstruktiv ruhda, qizgʻin savol-javoblarga boy boʻlgan uchrashuv soʻnggida tadbir ishtirokchilari yurt ravnaqi, fuqarolar farovonligini ta’minlovchi muhim siyosiy tadbirlarda faol ishtirok etishlarini bildirishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Maxmudovaning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etadi.
Adolat MO’MINOVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV
(surat)