Maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etilganidan buyon maktabdagi ijodiy muhit o‘zgargani, yangidan-yangi iqtidorlar kashf etilayotgani haqida bong urib kelamiz. Xo‘sh, haqiqatan shundaymi? Albatta, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Targ‘ibotchilar orasida ham hali hanuz yoshlar bilan ishlash uchun muhit yarata olmaganlarning-da borligi haqiqat. Termiz shahridagi 26-maktabda “Ixtisoslashtirilgan maktabdagi targ‘ibotchilar faoliyatini keng targ‘ib etish” mavzusida o‘tkazilgan seminar-trening esa ana shunday arosatda yurgan targ‘ibotchilar uchun eng yaxshi master-klass bo‘ldi aslida.
Seminar-trening davomida Termiz shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi so‘zga chiqib, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashning mexanizmlari va ularning iste’dodlarini yuzaga chiqarish usullari haqida to‘xtaldi. Qolaversa, faoliyati davomida o‘quvchilar bilan qanday ishlagani, erishgan yutuqlari haqida hikoya qildi. Shuningdek, so‘zga chiqqanlar maktabda ijodiy to‘garaklar tashkil etish va uning faoliyatini yuritish ishlari borasida fikr bildirgan bo‘lsa, o‘quvchi-yoshlarni badiiy tafakkur qilishga o‘rgatish, iste’dodini yuzaga chiqarishga uning intellektual rivoji, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomllashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhokama qilindi.
Yana bir gap, targ‘ibotchi yoshlarni o‘ziga ergashtira olmas ekan, bu faoliyatdan hech qanday natija chiqmasligi aniq. Shu sababdan ham eng avvalo, ushbu kasb egasi o‘z imkoniyatlarini bilib olishi va shundan kelib chiqib, ishga kirishgani maqsadga muvofiq. Seminar davomida psixolog tomonidan berilgan qimmatli ma’lumotlar, o‘tkazilgan treninglar iqtidorlarni yuzaga chiqarishning, imkoniyatlarni belgilab olishning eng yaxshi usuli bo‘lib xizmat qildi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘tkazilgan seminar-trening qiziqarli va foydali ma’lumot hamda tavsiyalarga boy bo‘ldi. Umid qilamizki, ular kelgusida ish faoliyati davomida ayni shu tavsiya va taassurotlarga tayanishadi.
S.Murodova