Yuksak eʼtibor – yuksak masʼuliyat demakdir!

Date:

Yuksak eʼtibor – yuksak masʼuliyat demakdir!
Teatr – inson kamoloti hamda yosh avlod tarbiyasida beqiyos o’rin tutgan sanʼat maskanidir. Zero, yoshlar ongiga ulug’ insoniy fazilatlarni singdirishda, azaliy urf-odatlar, umummilliy qadriyatlar hamda ajdodmeros anʼanalarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda, turli g’araz niyatli oqimlarga qarshi immunitetni shakllantirishda, buyuk tariximizni anglatish hamda millat qahramonlarining siymosini jonlantirishda teatr sanʼatining xizmati benazirdir.
Аynan shu anʼanaga sadoqati tufayli sal kam bir asrlik faoliyati davomida xalq hamda davlat huzurida millat maʼnaviyatini shakllantirish yo’lidagi g’oyatda mashaqqatli hamda sharafli vazifa – burchini bajarish maqsadida viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan, mamlakatimiz teatr sanʼati rivojiga munosib hissa qo’shib, xalqaro teatrlar festivallarida dunyo teatrshunoslarining alohida eʼtirofiga sazovor bo’lgan o’nlab spektakllarimiz hanuz tomoshabinlar talab va eʼtiborida. Bu yutuqlarning barchasi, albatta, keyingi 5-6 yil davomida Davlatimiz tomonidan mamlakatimiz teatr sanʼati rivoji uchun berilayotgan yuksak eʼtibor sharofati bilandir.
Xususan, teatr xodimlarining bepul uy-joylar bilan taʼminlanishi, yosh aktyorlarning oliy o’quv yurtlarida munosib taʼlim olish yo’lida yaratib berilayotgan imtiyozlar, ijod qilish uchun muhayyo qilingan benazir shart-sharoitlar, jahon talablari asosida jihozlangan muhtasham binolar – teatrimizning rivojlangan dunyo teatrlari darajasida takomillashuviga xizmat qilish bilan birga, aholining mazmunli dam olishi, qolaversa, farzandlarimizning maʼnan jasoratli, Vatanparvar, fidoyi, halol insonlar bo’lib shakllanishida munosib hissa qo’sha oladigan qutlug’ maskanlardan biriga aylantirdi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan reja-grafik asosida aholi hamda yoshlarning bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazish, ularni teatr sanʼatining jozibasidan kengroq bahramand etish maqsadida 2023-yilning sentyabr oyidan, 2024-yilning may oyiga qadar talaba, o’quvchi va ishchi-xodimlarning teatrlarga tashrifini uyushtirilishi – teatr sanʼati fidoyilar zimmasiga yuksak masʼuliyat yuklash bilan birga, faoliyatimizda yangi davrning boshlanishiga turtki bo’ldi.
Jumladan, joriy yil aprel-may oylarida respublikamizdagi 37 ta teatrning statsionar va ko’chma spektakllariga 1 million 26,3 ming nafar tomoshabinni jalb qilish mo’ljallangan. Birgina shu raqamning o’ziyoq teatr fidoyilarning zimmasidagi zahmatli mehnat-mashaqqat hamda masʼuliyatning zalvoridan darak berib turibdi.
Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri jamoasi ham xalq hamda davlat oldidagi g’oyatda masʼuliyatli vazifa – sharafli burchini sidqidildan bajarish maqsadida uzoq yillar davomida shakllantirib kelingan teatr repertuaridagi turli yo’nalishdagi spektakllarni tomoshabinlarga namoyish etish uchun tayyorgarlik ishlari jadal tarzda boshlab yuborildi.
Аyni vaqtda teatr jamoasi uch guruhga bo’lingan. Birinchi guruh – vohamizning barcha tumanlarida ko’chma spektakllar namoyish etayotgan bo’lsa, ikkinchi guruh statsionar shaklda spektakl namoyish etmoqda. Uchinchi guruh esa ikkiga bo’lingan holda ikkita yangi asarni sahnalashtirish ustida ish olib bormoqda. Shuningdek, teatr repertuarini yanada kengaytirish uchun jahon va mahalliy dramaturglarning tarixiy hamda zamonaviy asarlari asosida yangi spektakllar sahnalashtirish uchun chetdan taniqli rejissorlar jalb qilindi. Bundan maqsad esa teatr repertuarini turli xil yondoshuv va qarashlarga ega yangicha ruhdagi rang-barang asarlar bilan boyitishdan iboratdir.
Xullas, bir so’z bilan aytganda, Prezidentimiz e’tiboridan ilhomlangan jamoa qizg’in ijodiy jarayon bilan mashg’ul. Mamlakatimiz teatrlari orasida o’z nufuziga ega teatrimiz aktyorlarining yuqori salohiyatiga tayangan holda jamoamiz davlatimiz tomonidan bildirilayotgan ushbu yuksak ishonchni oqlab, tomoshabinlarimizga manzur bo’ladigan zabardast spektakllar sahnalashtiradi, deb ishonch bilan ayta olaman.

Muyassar Qoraqulova,
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi deputati,
viloyat musiqali drama teatri direktori

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Muhimi ishtirokmi?

Sport inson hayotining mazmuniga aylansagina, u muhim ahamiyat kasb...

«O‘tkan kunlar» arab tilida

Jahon adabiyotida o‘zbek adabiyotining ham o‘z o‘rni borligini o‘zbek...

IIB xodimlariga planshetlar topshirildi

Bugungi kunda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish va mahallalarni...

Afg‘oniston delegatsiyasi Surxondaryoda

Ayni vaqtda qoʻshni Afgʻoniston ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya...
KunTun
KunTun