Joriy yilning 9-iyul kuni — Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni etib belgilanganidan ko‘pchilikning xabari bor. Mamlakatimizda ushbu siyosiy jarayonga katta hozirlik ko‘rilmoqda. Viloyatimizda tashkil etilgan 861 ta saylov uchastkalarida ham ish qizg‘in. Uchastka komissiya tarkibi ham tasdiqlab olindi. Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi saylov uchastkalari a’zoligiga 9 ming 663 nafar obro‘-e’tiborga ega, saylov qonunchiligidan yaxshi xabardor faol fuqaro jalb etilgan.
Saylov jarayonlarida saylov uchastkalari qanday jihozlanganligi, saylovchilarning ro‘yxatini shakllantirish, ular uchun saylov haqida tushuncha berish va saylovni munosib tarzda o‘tkazishda uchastka komissiya tarkibining saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha bilim va tajribaga ega bo‘lishi muhim sanaladi. Ayni shu maqsadda, viloyatimizda ham saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha viloyat miqyosida o‘quv-seminar o‘tkazilib, jami 74 nafar trener tayyorlandi. Endilikda ushbu trenerlar o‘zlariga biriktirilgan hududlarda seminar-treninglarni tashkil etmoqda.
Termiz shahridagi 26-umumta’lim maktabida shahardagi 48 ta saylov uchastkalari komissiya raislari, rais o‘rinbosarlari hamda kotiblari uchun saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-seminari boshlandi. 144 nafar tinglovchi uchun o‘tkazilishi rejalashtirilgan seminarning dastlabki kunida ikkita guruhda 48 nafar tinglovchi o‘quv-mashg’ulotlarida ishtirok etmoqda.
O‘quvlar davomida avvalgi saylovlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularning oldini olish bo‘yicha vazifalar, saylovga oid xalqaro standartlarning muhim talablari atroflicha muhokama qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalarini tuzish tartibi va faoliyatining asosiy jihatlari, saylovda ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxati bilan ishlash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish, saylov uchastkasida amaliy mashg‘ulot va mavjud tajribani o‘rganish, saylov uchastka komissiyaning ovoz berish kunidagi faoliyati mavzularida ma’ruzalar qilindi.
Mazkur seminar 2-iyundan 8-iyunga qadar davom etishi belgilangan.
Adolat MO‘MINOVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV,
(surat)