Ixtisoslashgan maktablarda ta’lim sifati, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilim salohiyati ancha yuqori bo‘lishi tabiiy, albatta. Chuqurlashtirilib o‘tiladigan darslar, qo‘shimcha to‘garaklar, olis hududlardan qatnab o‘qiydigan o‘quvchilarning yotoqxona bilan ta’minlanishi, qolaversa, qat’iy tartib-intizom va baholash mezonlarining o‘ziga xosligi bunda asosiy mezondir. Shuningdek, o‘z ustida muntazam ishlaydigan pedagog kadrlarning saralab olinishi ham bunda muhim rol o‘ynayotgani ayni haqiqat.
“Umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya topayotgan aksariyat o‘quvchilar repitorga “qochmoqda”. Nima emish, darslar yaxshi o‘tilmaydi, to‘garaklar muntazam ishlamaydi. O‘qituvchi o‘quvchini darsga to‘laqonli jalb etib, yuqori bilim berolmaydi”. Mana shu mazmundagi gaplar ham yo‘q emas aslida. Biroq, bu kabi muammolarga yangi tizim barham beradi, nazarimda. Chunki, endilikda ixtisoslashgan maktablar tajribasi umumta’lim maktablariga tatbiq etilishi belgilandi.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Xusniddin Mamadiyev tashabbusi bilan viloyatimiz tuman va shaharlarida joriy yil 2-iyundan 5-iyunga qadar “Ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasini umumiy oʻrta ta’lim maktablariga tatbiq etish” mavzusida seminar tashkil etilishi belgilangan edi. Ana shunday seminarlardan biri Termiz shahridagi 26-umumta’lim maktabida Termiz tumani hamda Termiz shahridagi maktablarning oʻquv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari uchun tashkil etildi. Unda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Termiz shahar 3-son hamda 1-son ixtisoslashtirilgan maktab oʻquv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari seminar mashg‘ulotlarini olib bordi.
— Bugungi kun yoshlarining sifatli ta’lim olishi, ertangi katta hayotga yuksak bilim, salohiyat, ulkan maqsadlar bilan qadam qo‘yishida biz o‘qituvchilarning hissasi katta, albatta, — deydi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Termiz shahar 3-son ixtisoslashtirilgan maktabning oʻquv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Akmal Bayturayev. — O‘qituvchilar o‘z ustida ishlashi, o‘quvchiga bor bilim va mahoratini ishga solib dars berishi kerak. Bugun haqiqatda, ixtisoslashgan maktablardagi o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham yuqori natija ko‘rsatmoqda. Pedagoglar ham o‘z navbatida rag‘batlantirilib, ularning oylik maoshiga qo‘shimcha ustamalar belgilangan. Istaymizmi, yo‘qmi, bu kabi omillar ham ta’lim sifati va samarasiga ijobiy ta’sir etadi. Umumta’lim maktablarida ham o‘qish va ishtiyoq ortsa, ixtisoslashgan maktablardagi ta’limga bo‘lgan munosabat, ushbu maskanlarga ham ko‘chsa, o‘ylaymanki, endi o‘quvchilar ham “repititor”ga qochmaydi.
Seminar davomida Ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati bilan tanishish va hujjatlar bilan ishlash usullarini oʻrganish, Ixtisoslashtirilgan maktablar va umumta’lim maktablaridagi baholash tartibi, Ixtisoslashtirilgan maktablarga oʻqituvchilar va oʻquvchilar qabuli bo‘yicha tajribalar almashildi. Oʻtkazilgan ushbu seminar qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻldi. Seminar ishtirokchilari bilan kelgusida hamkorlikda faoliyat yuritish boʻyicha kelishib olindi.
Adolat MO‘MINOVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV,
(surat)