Ommaviy qabulda 131 nafar mahkum muddatidan oldin ozod etildi

Date:

Inson qadri har qachongidan-da ulug‘lanayotgan bir paytda amaldagi siyosatimiz ham ayni shunga hamohang tarzda islohotlarni amalga oshirayotir. Shuning uchun ham jamiyatda adolat qaror topib, fuqarolarning siyosatdan, jamiyatdan roziligiga erishilmoqda. Mana shunday ishlarning izchil davomi sifatida davlat rahbarining topshirig‘i asosida Respublika ishchi guruhi tuzilib, asosan sud-huquq masalalari bo‘yicha Qarshi shahrida navbatdagi ommaviy qabul tashkil qilinganidan xabarimiz bor.
Ushbu qabul ko‘plab muammo va kamchiliklarning munosib yechim topishiga xizmat qilganini qabulda bo‘lganlar guvoh bo‘lishdi. Albatta, respublikamizning turli hududlaridan Qarshi shahrigacha madad izlab borib, muammosi hal bo‘lganidan yuzi yorug‘, yelkasidan tog‘ ag‘darilganday uyiga qaytishi quvonchli hodisadir.


Jumladan, qabullar davomida sud-huquq masalalariga oid 31 ta murojaat bo‘yicha ariza Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida mazmunan ko‘rib chiqish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hayʼatlariga hal etish uchun o‘tkazildi. 131 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan bo‘lsa, 39 nafar mahkumni ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilroq jazo turiga almashtirildi.
Asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan 9 nafar ichki ishlar tizimi xodimi ishiga qayta tiklandi. Ular orasida vohadoshimiz surxondaryolik Nilufar Ortiqova ham bor. U adolat va haqiqat uchun uzoq muddat kurashib, yengib chiqqach, yana o‘z sohasi, o‘z vazifasiga qaytyapti.


Termizlik Dilorom Muhammadiyevaga esa Bosh prokuratura masʼullariga murojaatidan so‘ng, faoliyat yuritib kelgan korxonadan 76 million so‘mdan ziyod ish haqi undirib berildi. Sho‘rchilik 75 yoshli tadbirkor Anor Xo‘jamurodovaning esa karyerdan foydalanish muddatini uzaytirish masalasi nazoratga olindi.
Xullas, bunday misollarga uzoq to‘xtalish mumkin. Asosiysi, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar ham masʼullar eʼtibor markazida bo‘ldi. Fuqaroning o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun kreditlar olib berilishi, ishga joylashtirilishi, uy-joyini taʼmirlashi, ijtimoiy ahvolini yaxshilashi va davolanishi uchun kerakli yordamlar ko‘rsatildi.
Erta tongdan kun botgunga davom etgan ommaviy qabulda 1 ming 234 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 347 tasi joyida hal qilindi, 495 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish va maslahat berildi. 392 ta masala esa nazoratga olindi. Mutasaddi idoralar rahbarlariga nazoratga olingan har bir murojaatni o‘z vaqtida, qonun doirasida ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

H.Baxtiyorova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tomoshadan zavq olib…

Bolalarning ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, shaxsiy gigiyena va...

Talablar belgilandi

Adliya vazirligi tomonidan SHNQ 2.07.06-23 «Shahar ko‘cha-yo‘llari. Piyoda mintaqalari...

Ochiq eshiklar kunida…

Albatta, bolajonlardan kelajakda kim bo‘lishlarini so‘rasangiz, kimdir harbiy, kimdir...

Munosiblar tavsiya etiladi

Imtiyoz so‘zi quloqqa xush yoqadi. Har birimiz qanday bo‘lmasin,...
KunTun
KunTun