Tabiat qotillari

Date:

Bugungi kunda ekologiya bilan bog‘liq muammolar global ko‘rinish kasb etib, muayyan sharoitga moslashgan bir butun ekotizim yo‘qolib ketishiga olib kelayotgani va bunga, birinchi navbatda, antropogen omillar sabab bo‘layotgani jahon ahlini tashvishga solmoqda. Albatta, insoniyat tamaddunining barcha bosqichlarida sayyoramiz tabiiy boyliklari, hayvonot va nabotot olami inson hayotiy faoliyati uchun zarur ehtiyoj manbai bo‘lib kelgan. Darhaqiqat, insoniyat oldidagi dolzarb vazifalardan biri — atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish, flora va fauna olamini asrab-avaylash, global ekologik inqirozga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, tabiatda turlarning rivoji bamisoli zanjirdek bir-biri bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, ular o‘zaro yaxlit ekotizimni tashkil etadi. Hatto bir giyohning yo‘qolishi ham yashil olamning muvozanati buzilishiga olib kelishi ehtimoldan holi emas.
Betakror tabiatimiz va undagi bioxilma-xillikni to‘liq muhofaza etish, ularni qayta tiklash va ko‘paytirish ishlari muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda amalga oshirilmoqda. Surxon davlat qo‘riqxonasida – hududidagi “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob turlarni asrab qolish va ularni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga qoldirish yo‘lida jadal harakatlar amalga oshirib kelinmoqda. Qo‘riqxona va uning vazifalari yuzasidan OAV hamda matbuot sahifalari orqali maqolalar, davra suhbatlari orqali chiqishlar xalqimizga noyob tur vakillarining saqlab qolish yuzasidan murojaatlar hamda tushunchalar berib borilmoqda. Lekin, tan olish kerak, murojaatlarimiz hammaga ham birdek yetib bormayapti yoki boshqacha aytadigan bo‘lsak, hamma ham kuyunishimizning mag‘zini chaqmayapti. Yaʼni, jonzotlarga zarar yetkazilish holatlari sodir etib kelinmoqda.
2023-yil 10-mart holatida jami 3 qonunbuzarlik holati inspektorlarimiz tomonidan aniqlanib, maʼmuriy choralar ko‘rildi va 1 ta holatda jinoiy ish ham fosh etildi. Jumladan, Surxon davlat qo‘riqxonasining asosiy maydoniga 3 (uch) nafar shaxsi noaniq fuqaro kirganligi aniqlanib, qo‘riqxona inspektorlari tomonidan kuzatuvga olingan. O‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida Surxon davlat qo‘riqxonasining Vandob bo‘limi Darayg‘ulsoy massivining asosiy maydoniga tegishli hududdan “Vandob” mahallasida yashovchi fuqaro A.T hamda Angor tumanida yashovchi fuqaro I.O‘ tomonidan IJ-17-32 kalibrli ov quroli va pnevmatik qurol (ov qurolini olib yurish va saqlash ruxsatnomasi taqdim etmadi) bilan O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan 1(bir) bosh burama shoxli echki (morxo‘r) ovlanganligi aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1(bir) bosh burama shoxli echki (morxo‘r)ning go‘sht mahsuloti (tarozida tortilganda 13 kilogramm 425 gramm, 11 (o‘n bir) dona patron (o‘q-dori) 4 (to‘rt) donasi ishlatilgan, 1 (bir) dona IJ-17-32 kalibrli ov quroli, 1 (bir) dona pnevmatik qurol soha mutaxassislari va xolislar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda huquqbuzarlarga tegishli bo‘lgan ov qurollari va fuqaro X.B tegishli avtomashina shu yerning o‘zida tuman IIB xodimlariga topshirildi. Aniqlangan holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, Surxondaryo viloyat prokuraturasiga taqdim etildi. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori 14-ilovaga muvofiq ushbu huquqbuzarlik natijasida 180 million so‘m miqdorida tabiatga zarar yetkazganlik holati aniqlandi.
“Qonun-qoidalar men uchun emas, bemalol ularni buza olaman va menga hech narsa bo‘lmaydi”, deb hisoblaydigan ayrim ashaddiy huquqbuzarlarning qilgan ishlari tabiatmizda noyob tur vakillarining yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelmoqda. Shu sababli, barchaning oldidagi dolzarb vazifalardan biri — atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrab-avaylash, flora va fauna olamini muhofaza qilish, global ekologik inqirozga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Rustam Turdiyev,
Surxon davlat qo‘riqxonasi direktori
Umidjon Murtazayev,
katta ilmiy xodim

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mebeli bambukdan

Sho‘rchi tumanidagi “Best Faxr Mebel” korxonasi ishga tushdi. Korxonada...

G‘ALABAGA HALOL YO‘L BILAN

Qoraqolpog‘iston Respublikasining Nukus shahri kurash ishqibozlarini chorladi. Yuragida o‘ti,...

Futbol akademiyasi qurilmoqda

Futbolda yurtimizda yangi sahifa ochildi. Bu esa futbol ishqibozlarini...

G‘oliblar finalga chiqadi

Yoshlarning bilim va iqtidorini sinovdan o‘tkazish maqsadida tez-tez “Zakovat”...
KunTun
KunTun