Oltinsoy uzumlari nafaqat vohada, balki yurtimizda, qo‘shni davlatlarda ham mashhur. Surxondaryo viloyatida uzum parvarishlaydigan mingdan ortiq fermer xo‘jaligining 680 dan ortig‘i, 10 ming gektardan ziyod maydondagi uzumzorning qariyb besh ming gektari Oltinsoy tumanida joylashganidan ham tumanda uzumchilik rivoj topganini bilsa bo‘ladi. Ha, oltinsoyliklarning har biri o‘z tomorqasida uzum yetishtirishning, mazasi tilda qoladigan mayiz tayyorlashning ustasi bo‘lib ketishgan. Shu sababdan ham tumandagi tadbirkor-u fermerning, oddiy odamlarning-da asosiy daromad manbai uzum-u mayizdan.
Ammo, shuni ham aytish kerakki, ular bundan-da ko‘proq foyda ko‘rishlari mumkin. Faqat mavjud tokzorlar oralig‘idan oqilona foydalanib, dukkakli ekinlar ekish kifoya. Yerlardan samarali foydalanish maqsadida ana shunday amaliyot ham joriy etilib, oziq-ovqat ekinlari yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Oltinsoy tumanidagi “Ustoz Elmurod Mingboyev” va “Bo‘ri bobo tayfizori” fermer xo‘jaliklari tokzorlarida oziq-ovqat ekinlari parvarishlab, mo‘l hosil olishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov ishtirok etdi.
Imkon bor ekan, nega endi undan foydalanmaslik kerak. Shu maqsadda Oltinsoy tumanidagi qulay sharoit inobatga olinib, soha mutaxassislari, bog‘dorchilik-uzumchilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda yerlardan oqilona foylanish va turli dukkakli ekinlar yetishtirib, mo‘l hosil olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Tokzorlar oralig‘i ishsiz fuqarolarga beriladi va ularning bandligi ham taʼminlanadi. Mazkur tajriba ommalashsa, nafaqat fermer-u dehqonga, balki ishsiz aholi uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Seminar ishtirokchilari tajribali fermerlarning tokzorlari oralig‘ida soya, no‘xat, mosh kabi dukkakli ekinlar ekish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Tokzorlar chetlaridagi bo‘sh yerlarda esa kartoshka, pomidor, oshqovoq kabi mahsulotlar yetishtirish jarayonlarini ko‘zdan kechirishdi.
S.Davlatova