Qishloq xo‘jaligida tuproq unumdorligini oshirish va yer resurslaridan samarali foydalanishda zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati katta. Angor tumanida ayni shu maqsadga qaratilgan bioko‘mir (biochar) tayyorlash texnologiyasi bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etildi.
Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari, viloyat Agroxizmatlar markazi mutaxassislari, Amerikaning Meragro kompaniyasi direktori, doktor Kishap boshchiligidagi olimlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarlarda bioko‘mir tayyorlash usullari, uni qishloq xo‘jaligida qo‘llash imkoniyatlari hamda tuproq unumdorligiga ta’siri muhokama qilindi. Ishtirokchilar ilg‘or xorijiy tajribani mahalliy sharoitda qo‘llash, ushbu texnologiyani amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Bunday seminarlar fermerlarning zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha bilimlarini oshirish va sohaga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishga xizmat qiladi.

