Davlatlararo hamkorlik har tomonlama manfaatli va foydalidir. Bu bilan savdo aloqalari mustahkamlanadi. Investitsiya jlb etiladi, yangidan-yangi loyihalar amaliyotga joriy etiladi. Mana shunday aloqalarning ortidan davlatga nafaqat iqtisodiy, balki yngi ish o‘rinlari, tadbirkorlik faoliyatlari yo‘lga qo‘yilishi bilan ham ahamiyatli. Shu jihatdan Surxondaryo viloyati va Rossiya Federatsiyasi hududlari bilan tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyatini namoyish etish, investitsiya va turizmga oid taqdimotlar o‘tkazish maqsadida viloyat hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi delegatsiya ushbu mamlakatga yetib bordi.
Tashrifning birinchi kuni viloyat hokimi To‘ra Bobolov Qozon shahrida Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashdi. Uchrashuv samimiy ruhda o‘tdi. Shundan so‘ng, delegatsiya aʼzolari ishtirokida kengaytirilgan tarzda muzokaralar boshlanib ketdi. Tatariston Respublikasi va Surxondaryo viloyati o‘rtasida tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish borasida hamda, iqtisodiy, investitsiyaviy sohalarda o‘zaro hamkorlik kelishuvlari muhokama qilingan bo‘lsa, turizm sohasi esa to‘xtalish mumkin bo‘lgan alohida mavzu. Delegatsiya a’zolari vohada turizm sohasini rivojlantirish, turistlar oqimini jalb qilish maqsadida bir qator loyihalar asosida taqdimot o‘tkazib, o‘z takliflarini bildirdilar.
Muzokaralar chog‘ida viloyat hokimi To‘ra Bobolov va Rustam Minnixanov Tatariston va Surxondaryo viloyati korxonalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik o‘rnatib, tovar va xizmatlarni o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish masalalari borasida to‘xtaldilar. Shuningdek, gumanitar aloqalarni mustahkamlash xalqlarimiz o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat aloqalarini mustahkamlashda zamin yaratishi borasida ham muhokama qildilar.
Aytish kerakki, uchrashuv davomida Rustam Minnixanov Tatariston Surxondaryo viloyati bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini, so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalar faol rivojlanganini aytib o‘tdi. Bu esa o‘z navbatida o‘tgan yilgi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 200 million AQSH dollarini tashkil etganini, joriy yilning birinchi yarmida ushbu ko‘rsatkich 34 foizga o‘sganligini ko‘rsatadi.
Surxondaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Qozon shahriga safari joriy yilning 1-dekabriga qadar davom etadi. Bu muddat ichida viloyatimiz delegatsiyasi Tatariston Respublikasining Savdo-sanoat palatasida ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvi belgilangan. Qolaversa, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligida masʼullar bilan muzokaralar olib borishadi hamda Tataristonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tadigan Yagona taqdimot markazi, yuqori texnologiyalar sohasidagi texnopark – IT-parkka tashrif buyuradilar. Shuningdek, Qozon federal universitetida bo‘lishib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishish bahonasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha kelishib olishlari rejalashtirilgan.
O‘z muxbirimiz