Barcha soha va yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini ko‘tarish, Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yanada oshirish maqsadida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilayotgani sir emas. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat markazidan olisda joylashgan Bobotog‘ hududida loyiha qiymati 20,5 milliard so‘m bo‘lgan yuzdan ortiq xonadonli harbiy shaharcha foydalanishga topshirilishi esa ana shunday g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasi deyish mumkin.
“Saodatbonu Aziza Termiz” xususiy korxonasi tomonidan yangidan qurilgan 3 ta 5 qavatli hamda qayta ta’mirlanib, rekonstruktsiyadan chiqarilgan, zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan 4 ta 2 qavatli turar joy binolarida jami 102 ta xonadon hamda tikuv sexi qad rostlagan. Ajoyib ko‘rinish kasb etgan harbiy shaharchaning harbir xizmatchilar va ularning oila a’zolariga yashash uchun topshirilishi katta tantanaga aylanib ketdi.
Viloyat hokimi To‘ra Bobolovning tashrifi va harbiy xizmatchilarga yangi xonadon kalitlarini tantanali topshirishi barchani quvontirdi.
– Bobotog‘ hududida xizmat faoliyatimni o‘tayapman, – deydi termizlik harbiy, kichik serjant Sirojiddin Qiyomov. – Oilam bilan yangi xonadonga ko‘chib keldik. Xonalar juda shinam, yorug‘, qolaversa, barcha qulayliklar ega. Bu uyda hayotimizning eng baxtli damlarini o‘tkazamiz. Biz harbiylarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnunmiz. Sharaf va shon ila ona vatanga xizmat qilaman.
Viloyat rahbari va tadbir ishtirokchilari yangi xonadonlarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar uylarida mehmon bo‘lishdi. Xonadonlardagi shart-sharoit va qulayliklar bilan tanishishdi. Aytish kerakki, zamonaviy loyihalar asosida qurilgan, ikki va uch xonadan iborat bo‘lgan bu uylarda harbiy xizmatchilarning farovon turmush kechirishiga shubha yo‘q.
H.Baxtiyorova