Chet tillarini o‘rganish yoshlar uchun nafaqat dunyo, balki barcha imkoniyatlar eshiklarini ochib yuboryapti. Chet tillaridan birini bilasizmi, buni tasdiqlovchi sertifikatingiz bormi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishga balingiz naqd deyavering. Magistraturada ham, doktoronturada ham o‘qish imkoniyati siz tomonda. Qolaversa, ish faoliyatingizda ham buning ahamiyati bor. 50 foiz ish haqingiz ustama sifatida qo‘shib to‘lanadi. Mana shuncha imtiyozlardan keyin kim ham chet tillaridan birini o‘rganishga bel bog‘lamaydi deysiz. Imkoni bor o‘qiydi, qandini ursin. Ammo, chet tillarini o‘rganishga qurbi yetmaydiganlarchi, ularning kelajagi tuman ostida qolib ketaveradimi? Ana shunday savolga munosib javob sifatida hukumat qarori bilan “Yoshlar daftari”ni yuritish orqali yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizomga ko‘ra, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, biror chet tilini o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlarga xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha 6 oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHMning 4 baravarigacha moddiy yordam ajratiladi. Bu esa boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni egallashga, mustaqil o‘rganish uchun tajriba oshirishga yetarli muddat bo‘la oladi. Nafaqat xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha, balki zamonaviy kasblarni egallash, axborot texnologiyalarni o‘rganishda ham ana shunday moddiy yordam ajratilishi nazarda tutilgan. Qolaversa, moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga bir martalik moddiy yordam (BHMning 4 baravarigacha), nikohi qayd etilganiga 3 yildan oshmagan yoshlarga yakka tartibdagi o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ham ajratiladi.
Tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga esa asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini xarid qilish uchun, olimpiada, tanlov va musobaqalarning xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun BHMning 40 baravarigacha subsidiya ajratiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab beriladi.
Sohibjamol