“Yangi nafas” yugurish marafoni: “birga yuguramiz”

Date:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz” shiori ostida “Yangi nafas” yugurish marafoni tashkil etildi. Ushbu marafon bo‘lishini eshitgan yosh-u keksa borki, tashabbus ko‘rsatib erta tongdan Termiz shahridagi “Surxon” sport majmuasida jam bo‘lishdi.

Shu joyning o‘zida boshlangan tantanali tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov barchani davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi bilan tabriklab, xalq bilan birga, hamnafas ekanini bildirdi. Mustaqil davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan yuksak ishonch timsoli ekanini alohida ta’kidladi.
Aytish kerakki, marafonga puxta hozirlik ko‘rilgan, barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, bellashuv boshlanishidan bir necha kun avval shaharning e’tiborga molik joy va maydonlariga 4 mingga yaqin turli mevali va manzarali ko‘chatlarning ekilgani ham e’tibor va daxldorlik hissining bir ko‘rinishi deyish mumkin. “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda — birga yuguramiz” shiori ostidagi marafon bayramona ruhda boshlandi.

Start chizig‘idan finishgacha 3 kilometr. Masofa zumda bosib o‘tildi. To‘rt mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan ommaviy yugurish musobaqasida viloyat yo‘l harakati xavfsizligi va tibbiyot xodimlari jarayonni finish chizig‘iga qadar kuzatib bordilar. Ularning xalq bilan hamnafas ketayotgani barchaning ko‘ngliga xotirjamlik tuyg‘usini uyg‘otdi. Ko‘p bilan har qanday tadbir va sport musobaqasi qizg‘in tus olar ekan. Bunga termizliklar marafonda ishtirok etish asnosida amin bo‘ldilar.

– Farzandlarim bilan erta tongdan uyimiz atrofi va ko‘chamizda yugurishni odat qilganmiz, – deydi D.Haitova. – Shuning uchunmi, bugun marafonda yugurish qiyinchilik tug‘dirmadi. Jarayonni kuzatib bildimki, rosti xalq bilan birgalikda yugurishning gashti bo‘lakcha ekan. Ushbu marafon yosh-u keksani bir maqsad yo‘lida birlashtira olgani bilan ahamiyatli.
“Bolajon bog‘i” yonida o‘rnatilgan osmono‘par bayroq esa finish chizig‘i. Musobaqa nihoyasida barcha birin-ketin marra chizig‘i tomon yetib kela boshladi.
– Bugun tengdoshlarim qatori yoshi ulug‘ onaxon va otaxonlar ham birgalikda yugurayotganini kuzatib, quvondim, – deydi talaba O.Choriyeva. – Yurtimizda keksalikni tan olib, uyda, to‘shakda mixlanib qolganlar yo‘q hisobi. Ularning-da, qonida hali-hamon yoshlik shijoati jo‘sh urayotgani bizni yanada ruhlantiradi. Marafonda g‘olib bo‘lmasam-da, ishtirok etganimdan, mana shunday fursatni boy bermaganimdan quvondim.
Marafonda barcha faol. Ammo, g‘olib bitta bo‘ladi. Erkaklar o‘rtasida Omonulla Safarov ismli talaba yigit finish chizig‘iga birinchilardan bo‘lib yetib kelgan bo‘lsa, undan so‘ng, Alibek Aminov, Bo‘ribek Sabriyevlar ko‘rinish bera boshladi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslar ham qiziqarli kechdi. Oygul Xurramovaning chaqqonligi, epchilligi birinchi bo‘lishiga xizmat qilgan bo‘lsa, Fotima To‘ramurodova va Mohibonu Ro‘ziyevalarning harakati ham tahsinga sazovor.
“Bolajon” bog‘ida joylashgan katta bayroq ostidagi maydonda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan katta bayram tadbirlari boshlanib ketdi. Tadbir davomida “Yangi nafas” marafoni g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. 1-, 2-, 3-o‘rin sohiblariga medal, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, “Eng keksa ishtirokchi”, “Eng keksa ishtirokchi ayol” kabi nominatsiyalar hamda nogironligi bo‘lgan ishtirokchilar ham munosib rag‘batlantirildi.
Viloyat hokimi To‘ra Bobolov, sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar bosh-qosh bo‘lgan tadbir ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.

– Davlatimiz ramzlari biz yoshlarga yurt manfaati har narsadan ustun ekanini anglatib turadi, – deydi Termiz davlat universiteti talabasi, birinchi o‘rin sohibi Omanulla Safarov. – Yugurayotib, o‘zimga bo‘lgan ishonch hissi oshdi. Har qadamda davlatimiz bayrog‘oning hilpirab turishi menga kuch bergandek bo‘ldi. Bog‘ga yaqinlashib bildimki, men birinchiman. Kelajakda xalqaro musobaqalarga-da ishtirok etib, bayrog‘imizni balandlarga ko‘tarish eng oliy maqsadimdir.

Marafon ishtirokchilari va muxlislar uchun katta dosh qozonda osh damlandi va barcha oshga taklif etildi. Vohaning ko‘zga ko‘ringan san’atkorlari tomonidan yangragan diltortar kuy-qo‘shiqlar va dilrabo navolar voha ahlining o‘yin-kulgulariga ulandi.
Musaffo osmonimiz uzra bayrog‘imiz hilpirab turar ekan, kunlarimiz nurafshon, tunlarimiz osuda. Yoshlar esa ertangi kunimizni nurlarga to‘ldirish uchun intilaveradilar. Bayrog‘imiz orqali O‘zbekiston atalmish davlat borligini dunyoga tanitishga xizmat qiladilar. Hayotimizda esa bayrog‘imizning o‘rni mustahkam. U kechagi, bugungi va ertangi kunimizni bir-biriga bog‘lovchi mustahkam ko‘prikdir, g‘ururimiz va sha’nimiz timsolidir.

Sayora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Yoshlar daftari” — imkoniyatlar daftari

Shunday insonlar borki, oilaviy sharoiti og‘irligini ro‘kach qilib, to‘rt...

Muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan askarlar sharafli kuzatildi

Kindik qonimiz to‘kilgan yer vatandir. Mana shu Vatanga xizmat...

Kitobxon ona — kitobxon bola

Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deya bejiz aytishmagan. Oila muhitining...

Tomorqadan daromad…

Boysunliklar-da qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni, issiqxona biznesi sirlarini yaxshi...
KunTun
KunTun