INTERMEX Termiz xalqaro savdo markazi – Buyuk ipak yo‘lini tiklaydi

Date:

Davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning yaxshi yo‘lga qo‘yilishi faqatgina tovar va xizmatlarning erkin almashinuvini ta’minlashga qaratilgan qulay shart-sharoitlarni yaratibgina qolmay, balki madaniyat, urf-odat, til-u dil jihatdan yaqinlikni ham ko‘zda tutadi. Ayniqsa, azal-azaldan tarixiy ildizi bir bo‘lgan o‘zbek-afg‘on xalqining iqtisodiy jihatdan biri ikkinchisini taqozo qilib turishini ta’kidlash ham shart emas.

Termiz shahrida barpo etilgan INTERMEX Termiz xalqaro savdo markazi iqtisodiy-siyosiy munosabatlarning mustahkamlanishiga bir zamin hozirladi. Umumiy maydoni 260 000 kvadrat metrni tashkil etgan ushbu loyihaning taqdimotida Surxondaryo viloyat hokimining o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Anvar Oripov, qator tashkilot va boshqarmalar rahbarlari ishtirok etishdi.

— INTERMEX xalqaro savdo markazi Osiyoning qoq yuragida savdo qilish imkonini yaratib beradi, — deydi Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Anvar Oripov. — Loyihaning dastlabki qiymati 75 million dollarga teng. Noyabr oyining yakuniga qadar dastlabki bosqichni ishga tushirish arafasidamiz. Tarixan Surxondaryo viloyati Buyuk ipak yo‘lining markaziy hududlaridan bo‘lganligi bizga aynan shu hududni tanlashimizga asos bo‘ldi. Savdo markazimiz Buyuk ipak yo‘lini tiklashiga umid bog‘laganmiz.

Qo‘shni Afg‘oniston bilan, qolaversa, ushbu hudud orqali Pokiston, Hindiston, Eron va boshqa bir qator mamlakatlar bilan savdo-sotiq aloqalarini yanada rivojlantirish maqsad qilingan ushbu savdo markazi bir qator qulayliklarga ega. Jumladan, savdo markaziga tashrif buyurgan chet el fuqarosi 10 kungacha viza, yo biror bir hujjatlarsiz erkin harakatlana oladi. Barchasi shunchaki, fuqarolik passporti orqali amalga oshiriladi. Boj masalalarida ham imkoniyatlar yaratilgan. Hudud faqatgina savdo-iqtisodiy aloqalar uchungina emas, INTERMEX xalqaro savdo markazi hordiq chiqarish, shunchaki dam olish uchun ham mo‘ljallangan. Savdo nuqtalari 4 sektordan iborat va jami 1500 dan ziyod do‘kon va ishlab chiqarish obyektlarini o‘z ichiga oladi. Tovarlarni saqlash, ularni o‘z manziliga jo‘natish, bojxona xizmatlarni amalga oshirish uchun 1 million AQSh dollarilik yuk sig‘imiga ega logistika markazi ham sizning xizmatingizga hozir. Xalqaro tibbiyot markazi, mehmonxona va yotoqxona, restoranlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shuningdek, sun’iy suv havzasi bo‘lgan dam olish maskanlari, to‘rt yulduzli mehmonxona, kamxarj hosteller barpo etilgan bo‘lib, hudud alohida shaharchaga aylanadi. Xizmat ko‘rsatish markazlari, yoqilg‘i quyish shoxobchalarining tashkil etilgani ham bunga yaqqol misoldir.

Bugun biz O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo, iqtisodiy aloqalarida yangi sahifa ochmoqdamiz, — deydi xalqaro savdo markazi rahbari Baxtiyor Ro‘ziyev. — Loyiha “Termiz kargo” markazi, Termiz xalqaro aeroporti, daryo portiga juda yaqin joylashgan. Bu esa tovarlarni chet davlatlarga erkin olib o‘tish imkonini ham yaratib beradi.

Xalqaro savdo markazi yangi ish o‘rinlarini yaratishi bilan ham ahamiyatli. Obyektda faqat savdo bilan shug‘ullanuvchilarning soni 5500 tani, restoranda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar 90 ta, kunlik xizmat ko‘rsatuvchilarning soni esa 600 kishini tashkil qiladi. INTERMEX Termiz xalqaro savdo markazini hech ikkilanmasdan yirik kompleks deb ayta olamiz. Dizayn borasida majmuada e’tiborga arzirli hududlar ko‘plab topiladi. Har bir nuqtaning ko‘rinishi mukammal bo‘lishi alohida o‘ylangan. Savdo majmuasi barcha qulaylik va shart-sharoitlarga ega. INTERMEX Termiz xalqaro savdo majmuasi mart oyidan to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Dildora Otaqulova,
Islom Mengliyev
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Alplar kurashdi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza...

Yashash uchun…

Albatta, yashash uchun sabablarimiz koʻp. Faqat oʻz oldimizga aniq...

Onlayn muloqot o‘tkazildi

Yoshlar ish izlab yoki oʻqish maqsadida xorijga ketishga qaror...

Afv etilganlar oilasi bag‘rida

Inson xato qilsa, buni tushunib yetishi uchun vaqt kerak...
KunTun
KunTun