Surxon qishloq ayollari haqida gap ketganda, “yerning jigarini uzib olishadi-ya” degan ibora xayolda aylanadi. Mehnatni sevuvchi, bir daqiqada tin nimaligini bilmaydigan asl ayollar qishloqda tug‘iladi, qishloq hayotida shakllanadi, toblanadi. Soddadil, samimiy ayol qiyofasini ifodalamoqchi bo‘lgan ijodkor bejizga qahramonini qishloq ayoli timsolida shakllantirmaydi. Qishloq ayollarini hech ikkilanmay metin irodaga ega “Temir xotin”lar deya ta’rif-u tavsiflasak bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, viloyatimizda 1340,0 ming nafar (49,0%) xotin-qiz bo‘lib, shundan mehnatga layoqatli xotin-qizlar soni 721,6 ming nafar (53%)ni tashkil etadi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini keng targ‘ib qilish uchun gender masalalari bo‘yicha 16 nafar trener hamda 2 ta targ‘ibot guruhlari shakllantirildi. Shu bilan birga viloyatda “Gender-madad” elektron huquqiy maslahat platformasi hamda uning mobil ilovasi ishga tushirildi. Ularga “Ayollar huquqiy himoyasi”, “Gender tenglik”, “Ayollarga imtiyozlar”, “Oilaviy munosabatlar” va “Oilaviy zo‘ravonlik” kabi huquqiy mavzularga oid ma’lumotlar bazasi joylashtirildi hamda huquqiy maslahatlarni onlayn chat orqali berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Faqat yo‘lga qo‘yilibgina qolmasdan, ushbu tizimlar yaxshigina natijalar ham berib bormoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlik xohishida bo‘lgan xotin-qizlarga keng tushuntirishlar berilib, ulardan 2 ming 639 nafariga 30,0 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilib, ish boshlash uchun ko‘maklashildi.
BMT Bosh Assambleyasining 2007-yil 18-dekabrdagi yigʻilishida fidoyi, mehnatkash qishloq ayollarini eʼtirof etish, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish maqsadida 15-oktyabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni deb eʼlon qilinishi ayolga, onaga bo‘lgan e’tiborni yana bir yangi pog‘onaga ko‘tardi. Hali u hududda, hali bunisida qishloq ayollarini bir soniya bo‘lsa-da, kundalik faoliyatidan, tashvishlaridan yiroqlashtirish maqsadida bayram-tadbirlar, konsert dasturlari tashkillashtirilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Bugun esa ana shu ovozalarning nishoni “Afruz” tantanalar saroyiga ham yetib keldi, qishloq ayollari uchun bayram tadbiri o‘tkazildi.
Kuy-navolar jo‘rligida qishloqning haqiqiy fidoyi ayollari, xotin-qizlari bayramona qilib bezatilgan dasturxonlarga chorlab qolindi. Samimiyati so‘zlaridan, soddadilligi ko‘zlaridan ufurib turgan qishloq ayollarining yuzidagi tabassum bayram kayfiyatidan bir darak. Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari tabrigi davomida qishloqlik fuqarolarning hayotini yengillashtirishga o‘z hissalarini qo‘shib kelayotgan bir qancha xotin-qizlarning faoliyatiga alohida to‘xtab o‘tildi. Aslida, bayram tadbiri ishtirokchilarining har biri alohida e’tirofga sazovor. Ularning faoliyati ovoza qilgulik.
—Jarqo‘rg‘on tumanidagi xususiy biolaboratoriyamiz bugungi kunda qishlog‘imiz agro turmushini yaxshilashda tinimsiz faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, — deydi jarqo‘rg‘onlik Kimyo Geldiyorova. Biz o‘simliklarni zararkunandalardan himoya qilgan holda foydali hasharotlar sonini ko‘paytirish yo‘lida bir qancha muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqdamiz. Shu yo‘lda kapalaklarning “oltin kuz”, “trixogramma” kabi navlarini ko‘paytirmoqdamiz. Bu kabi hasharotlar paxta hosildorligini oshirish bilan birga ekologiyaning tozaligini ham ta’minlab beradi.
Qishloq ayollarining shu davrga bajargan ishlari tahsinga sazovor. Ular kirmagan, bilmagan soha mavjud emas. Soha doirasida ma’lum yutuqlarga erishgan xotin-qizlar bayram davomida faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
—Asli kelib chiqish jihatidan qoraqalpog‘istonlikman, —deydi Kumuskul Janabayeva. — Hozirda Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Agropilla” MChJ rahbariman. Pilla sohasida tumanimizning respublikada birinchi bo‘lishini niyat qilganmiz. Qishloq ayollarining mehnatlari yurtboshimiz, qolaversa, rahbarlar tomonidan rag‘bat topayotganidan nihoyatda minnatdorman.
Raqqosa qizlarning nafis harakatlari o‘tirganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashibgina qolmay, nozik tuyg‘ularni ham chertib o‘ta oldi. Yaqinlar davrasida, bayramona dasturxon atrofida o‘tgan suhbat ko‘ngillarni yayratgan bo‘lsa, xushovoz xonandalar ijrosida yangragan kuy-qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi.
D.Otaqulova