Tadbirkor davlat himoyasida, uning muammosi bir o‘ziniki emas, balki davlat ahamiyatidagi masalaga aylanib ulgurgan. Buni tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi, ularni eshitib, muammolariga munosib yechim topish maqsadida hukumat komissiyasi tuzilgani va chekka-chekka hududlargacha kirib borayotgani, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirishga xizmat qilayotganidan ko‘rish, bilish mumkin.
Surxondaryo viloyat hokimligi katta majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari vakillaridan iborat hukumat komissiyasining surxondaryolik tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti tashkil etildi.
Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov, sektorlar, masalaga aloqador boshqarma va tashkilotlar, tijorat banklari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda asosiy eʼtibor tadbirkorlar muammolarini aniqlash, hal qilish, shuningdek, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi taklif va tashabbuslarni oʻrganishga qaratildi.
Doimiy tarzda viloyatda ayni shunday uchrashuv hamda ochiq muloqotlar o‘tkazilib, tadbirkorlarni tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish orqali tadbirkorlarning faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani, yangi ish o‘rinlari yaratilib, ularning o‘zlarigagina emas, balki xalqqa, davlatga ham katta foyda keltirayotgani haqiqat.
Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqib, tadbirkorlarga qarata
ularni tinglash, muammolarini hal etish uchun ushbu ochiq muloqot tashkil etilganini aytib, ulardan muammoni ochiq-oydin va aniq qilib aytishlarini so‘radi.
Shundan so‘ng, birin-ketin tumanlar kesimida tadbirkorlar so‘zga chiqib, faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan jihatlar haqida bir-bir to‘xtalib o‘tdilar.
“Jamshidbek zamon” qurilish korxonasi rahbari logistika xizmatini ko‘rsatishini, buning uchun Xitoydan 160 ming AQSH dollarlik uskuna olib kirganini, afsuski, pandemiya sabab ishlari orqaga ketib, bankdan olgan kreditini o‘z vaqtida qaytarishda qiyinchilik bo‘layotganini aytib, kredit muddatini uzaytirib berishda yordam so‘radi. Bank mas’ullariga bu borada tegishli topshiriq berilib, muammo yechim topadigan bo‘ldi.
Shuningdek, qumqo‘rg‘onlik yana bir tadbirkor, “Qumqo‘rg‘on trayd” MChJ rahbari Erkin Ermo‘minov yeryong‘oq yetishtirish va qayta ishlovchi texnologiya olib kelgan. Loyiha ishga tushsa, 30 nafar ishsiz ish bilan ta’minlanadi. Eksport shartnomasini ham imzolab qo‘ygan, ammo loyihani ishga tushirish, savdo aylanmasi uchun yetarli mablag‘i bo‘lmagani uchun tang ahvoldaligini aytdi. Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilishi loyiha ish boshlashiga sabab bo‘ladi.
Samimiy kechgan muloqot chog‘ida denovlik tadbirkor ham dilidagini tiliga chiqardi:
– Denov tumani markazida shahar ko‘rkini buzib turgan, yashashga yaroqsiz holatga kelib qolgan ikkita ko‘p qavatli uy bor edi. Qurilish korxonamiz ushbu uylarni buzib, o‘rniga zamonaviy dizaynda yangi ko‘p qavatli uy qurilishini boshlash arafasidamiz. Uylari buzilgan 38 ta xonadonning yangi uyga ko‘chib o‘tguniga qadar har oylik ijara to‘lovlarini to‘lab kelyapmiz. Bu har oyi 40 million so‘mga yaqin mablag‘ degani. Ushbu xonadonlarga yangi uylarini qurib berish, ijara to‘lovlarini to‘lash evaziga 12 milliard so‘m zararga chiqyapmiz. Bankdan kredit olish muammo bo‘layotgani uchun amaliy yordam so‘ragan edim, 10 kun ichida kredit ajratiladigan bo‘ldi.
Ishbilarmonlar ilgari surgan masalalar respublika, viloyat mutasaddi idoralari vakillari ishtirokida atroflicha muhokama etilib, ularning talab va ehtiyojlariga javob beradigan yechimlar ishlab chiqildi. Ochiq muloqotda Sherobod tumanilik tadbirkor Baxtiyor Rasulov Sholqonda zov boshida M-39 yo‘l boshida 3 gektar yer maydoni foydalanilmay bo‘sh yotganini, agar imkoni bo‘lsa, o‘sha yer maydonida sog‘lomlashtirish markazi qurish niyati borligini aytib, yer maydonini olishda va kredit ajratilishida ko‘mak so‘radi. Bu murojaat tegishli masʼullari ishtirokida muhokama etilib, imkoni bo‘lsa, amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.
Ochiq muloqotda mutasaddi rahbarlarga tadbirkorlar oʻrtaga tashlayotgan shu kabi masalalar yechimlarini tezkor amalga oshirish va ularni kelgusida ham qoʻllab-quvvatlash uchun bevosita aloqalarni yoʻlga qoʻyish tavsiya etildi. Mamlakatimizda rahbarlarning ishbilarmonlar bilan bevosita yuzma-yuz ochiq muloqoti yoʻlga qoʻyilgani hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish va odamlarning turmush darajasini yuksaltirishda, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlab, tezkor hal etishda o‘z samarasini beryotir. Tadbirkorlarni yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirib, xalq farovonligi, yurt obodligini taʼminlash yoʻlida xizmat qilishga undayapti.
Ochiq muloqotda tadbirkorlarning aksariyati kredit ta’minoti ajratilishida muammoga duch kelayotgani, ayniqsa, katta-katta loyihalar qisqa muddatli kredit asosida berilayotgani tadbirkorni tang ahvolga solib qo‘yayotgani o‘rtaga tashlandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev bank rahbarlari va mas’ullarini qattiq tanqid ostiga oldi. Yetkazilgan zararni qanday bo‘lmasin qoplash, sud tartibida ish tutish, tadbirkorlarning mol-mulkini tortib olib, ishni ijroga qaratish o‘rniga, ularni faoliyatini yo‘lga qo‘yishda turtki bo‘lishlarini, imkon darajasida kerakli yordamni berishlarini so‘radi.
Qurilish materiallari, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatishning boshqa turlarini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi hamda chorva mahsulotlari yetishtirish kabi yoʻnalishlarda ham muammoli vaziyatlar yuzaga kelayotgani aytildi.
– Tijorat bankiga barcha hujjatlar topshirilgan, – deydi “Termiz Afruzbek fayz baraka” korxonasi ish boshqaruvchisi. – Masalaning yechimi choʻzilib ketayotgani uchun Hukumat komissiyasiga murojaat etdik. Bu muammomiz respublika va viloyat mutasaddilari ishtirokida har taraflama muhokama etilib, tez kunlarda mablagʻ ajratilishi maʼlum qilinganidan xursand boʻldik.
Muloqot davomida 30 ga yaqin tadbirkorning muammo va murojaatlari tinglandi. Murojaatlarning aksariyati joyida yechim topgan bo‘lsa, muddat talab etadigan aksariyat muammolar yuzasidan ochiq muloqot yakunida tadbirkorlarning murojaatlari yuzasidan masʼul rahbarlarga masalalarni hal etish boʻyicha aniq muddat va amalga oshirish mexanizmlari koʻrsatilgan amaliy chora-tadbirlar dasturini shakllantirish topshirildi. Barcha masalalarning yechimi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolovlar tomonidan qatʼiy nazoratga olindi.
S.Normurodova,
N.Muhibulloyev,
(foto)