Bola tarbiayasi har doim eng muhim va dolzarb mavzu bo‘lib kelgan. Ota-onalar, albatta, farzandlari tarbiyasida qanday yo‘l tutsagina, u har tomonlama yetuk va solih inson bo‘lib yetishishi haqida o‘ylaydi, bosh qotiradi. Zamon bilan hamnafas yashab, dunyo bilan bo‘ylashsak-da, o‘zligimizni unutmasligimiz, bolani milliy ta’lim-tarbiya usuli, o‘zbekona oila modeli asosida voyaga yetkazsak, eng to‘g‘ri yo‘l shu aslida. Qolaversa, mana shunday o‘ziga xos metodlardan bolalarning asosiy vaqti maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘tishini hisobga olib, bog‘chalarda ham foydalanishni yo‘lga qo‘ysak bormi, ertangi kun egalarining taqdiridan ko‘nglimiz to‘q bo‘lsa ham bo‘laveradi.
Bolajonlarning ma’naviy dunyosini boyitish maqsadida tayyorlangan “Zukko bolajon!” fotoalbomining yaratilishida ham milliy ma’naviyatimiz, milliy ta’lim-tarbiya usuli ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ma’naviyat targ‘ibotchilarining vohaga tashrifi bahonasida tashkil etilgan tadbirlar, bayram dasturlari qatorida Termiz shahridagi 9-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida “Zukko bolajon!” fotoalbomining taqdimotiga bag‘ishlangan badiiy-musiqali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlar: ziyolilar, olimlar, shoirlar, elimiz suygan san’atkorlar ishtirok etdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov bolajonlarga samimiy tilaklarini bildirib, ulani munosib kamol topishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.
Fotoalbomda 20 dan ortiq devoriy lavhalar, bolalar adabiyotining nodir durdonalari joy olgan. Bolajonlar uchun xos va mos yaratilgan mo‘jazgina albom ular uchun eng yaxshi sovg‘a bo‘lishi shubhasiz. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan “Zukko Bolajon!” fotoalbomi maktabgacha ta’lim muassasasiga hadya etildi.
Mazkur fotoalbom ilk bilim va tarbiya maskanlari – maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bolalarda ijtimoiy motivatsiya uyg‘otib, badiiy-estetik didni shakllantirishda, intellektni rivojlantirishda, kundalik turmushdagi qoidalarini o‘rgatish-u, yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilishda, o‘z tuyg‘ularini boshqarishda xizmat qiladi.
Tadbir davomida san’atkorlar tomonidan yangragan ajoyib kuy-qo‘shiqlar, sho‘x-shodon navolar bolajonlarni raqsga chorladi. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ishtirokidagi sahna ko‘rinishlari barchaga manzur bo‘ldi. Bolajonlar folklor termalaridan kuylab, raqsga tushishdi, turli monolog, g‘azal, ruboiylardan o‘qib berishdi.
Tadbirning ikkinchi qismida viloyat qo‘g‘irchoq teatri ijodkorlari tomonidan ajoyib spektakl namoyish etildi.
S.Baxtiyorova