Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish, fuqarolarning sog‘lom turmush tarzi ko‘rsatkichlarini oshirish hamda aholi salomatligini saqlash va yaxshilash, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish so‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani siz-u bizga yaxshi ayon. Buning, albatta, o‘ziga xos sabablari bor. Natijada mamlakat aholisining o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 73 yoshdan 75,1 yoshga ko‘tarildi. Ko‘pgina kasalliklar chekindi. Lug‘atimizni boyitgan “Workout”, “Armrestling” atamalari bugun biz uchun begona so‘z emas.
Har qadamda street workout maydonchalariga duch kelamiz. U yerda yoshlar vaqtini mazmunli o‘tkazish bilan birga, foydali sport mashg‘ulotlari bilan band. Turgan gapki, yoshlarning harakatlarini, imkoniyatlarini sinash maqsadida ushbu sport turlari bo‘yicha tez-tez musobaqalar tashkil etilib, munosiblar rag‘batlantirib kelinayotir. Surxondaryo viloyat Milliy gvardiya, sportni rivojlantirish hamda Yoshlar ishlari agentligi boshqarmalarining qo‘shma qaroriga asosan, sportning “Workout” va “Armrestling” turlari bo‘yicha Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i kubogi uchun stert berilgan musobaqa ana shunday ishlarning davomidir. Termiz shahrida mazkur musobaqaning viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Unda shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etib, o‘zaro kuch sinashdilar. Jarayon qiziqarli, bahs-munozaralarga boy o‘tdi. Qumqo‘rg‘onlik Obidjon Jaloliddinov sportning “Workout” turi bo‘yicha ustunlikni qo‘lga kiritib g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, “Armrestling” sport turida Ilhom Ibodullayevga teng keladigani topilmadi. G‘oliblar, faollik ko‘rsatgan sportchilar esa yakunda Milliy gvardiyaning diplom, medal, musobaqa kubogi hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
S.Murodova