Bola uchun eng yaxshi muhit — oila bag‘ri. Biroq og‘ir ijtimoiy vaziyat sabab farzandini tarbiyalashda qiynalayotgan onalarni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning oiladan ajralib qolishining oldini olish tizimli yondashuvni talab etadi. “Ona Uyi” jamg‘armasi faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi. Toshkent shahridagi Hilton Tashkent City majmuasida jamg‘arma Vasiylik kengashi yig‘ilishi doirasida ochiq uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotning O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil davomida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalari va kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan onalar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash, farzandlarning oila muhitida ulg‘ayishi uchun zarur sharoit yaratish, shuningdek, loyihani qo‘llab-quvvatlayotgan homiylar, biznes hamjamiyati va boshqa hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, bolani oilasidan ajratishning oldini olish uchun onaga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish, oilaning qiyin vaziyatdan chiqishiga ko‘maklashish muhim. Shu bois davlat, jamoatchilik va xususiy sektor hamkorligini kengaytirish jamg‘armaning istiqboldagi ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
“Har bir bola oilada yashashi kerak!” shiori ostidagi uchrashuvda bolalar manfaatlarini himoya qilish va oilalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

