“Do‘stlik” ordeni sohibi, “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” bandixonlik Jumanazar Madiyev kamtar, kamsuqum inson. Shafqatsiz hayot bu kishini ko‘p ham erkalamagan. Taqdirning ne bir sinovli kunlarini boshidan o‘tkazgani-yu, sabr-matonat ila umr so‘qmoqlaridan bir-bir odimlab borayotganini ajindor peshonasidan anglash qiyin emas…
Tabiatan orkash. G‘ururi Boysun tog‘idan ham baland. Oltmishinchi dovondan oshibdiki, hali-hamon serg‘ayrat, ishchan. Ilm olishdan, izlanishdan charchamaydi. Bandixon tumanidagi Oybek oilaviy shifokorlik punktida shifokor sifatida el xizmatiga kamarbasta…
Yaqinda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning Bandixon tumanida o‘tkazayotgan sayyor qabulini eshitib yo‘lini o‘shayoqqa burdi. Odam ko‘p. Navbatga yozildi.
—Umrimda biror rahbardan biron narsa so‘rab ko‘rmagan edim, — deydi Jumanazar aka. — Viloyatimiz rahbari o‘zimizga o‘xshab qishloqda katta bo‘lgan, oddiy inson. Odam bu kishiga tortinmasdan, iymanmasdan dardini ayta oladi. Shuning uchun bitta masalam bor edi. Qabuliga bordim. Lekin, hayajon bosdi. Yashirmayman, oyoqqa titroq tushgani ham bor gap. To‘ra Bobolovning ro‘baro‘siga o‘tirganimni bilaman “Duxtir bobo, nima xizmat?” desa bo‘ladimi. Hayajon ham, titroq ham tumanday tarqaldi.
Umrimda birinchi marta rahbardan “Nima xizmat” degan gapni eshitishim, chehram yorishdi, muammomni aytdim: “To‘ra Abdiyevich, shifoxona bilan aholi tarqoqlik hududi 32 kilometr yo‘l. Piyodaga ikki-uch soatdan ko‘p vaqt yo‘qotaman, yo‘nalishdagi taksiga chiqsam, 3 tasiga almashishim kerak. Menga bitta velosiped yordam qiling” dedim. Viloyat hokimi hazillashdimi yo rostmi, avvaliga “Siz duxtir bo‘lsangiz, piyoda yurish salomatlik degani, boshqalarga o‘rnak bo‘lsangiz bo‘lmaydimi” dedi. So‘ngra sal jilmayib, mutasaddilarga “Duxtir boboga skuter olib beringlar” deb aytdi. Xullas, gapim yerda qolmadi. Buning uchun rahbarlar bilan oddiy odamlar o‘rtasida muloqot tizimini yaratib bergan Prezidentimizga ming rahmat. “Velosiped so‘ragandim skuter berishdi…”
Demak, viloyatning olis va og‘ir hududlaridan birida xizmat qilayotgan bir shifokorning kattami-kichikmi murojaati yechim topdi. Uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘ldi…
Ha, aytgancha, duxtir bobo gurungimiz so‘nggida masalasini tezkorlik bilan yechib bergan viloyat rahbarlaridan cheksiz minnatdor ekanini alohida e’tirof etdi.
Salohiddin Norqobilov