Mamlakatimizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor, albatta. Bu borada elchixonalarning hamkorligini oshirish, kadrlar salohiyatini yanada yuksaltirish lozim. Shu maqsadda Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Marahimov boshchiligidagi universitet rasmiylari Fransiya elchisi Orelia Bushez boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarini kutib oldi.
Tashkil etilgan uchrashuvda ikki mamlakat taʼlimi tizimidagi hamkorlikni mustahkamlash borasida muzokaralar olib borildi. Samimiy ruhda boshlangan uchrashuvda universitet rahbari mavjud kadrlar bazasidan samarali foydalangan holda universitet qoshidagi akademik litseyda fransuz tilini ikkinchi til sifatida o‘qishni yo‘lga qo‘yish, filologiya va tillarni o‘qitish: fransuz tili yo‘nalishining iqtidorli talabalariga Fransiyaning top-1000 likdagi universitetlarida akademik mobillik asosida ta’lim olishlariga imkon yaratish hamda mazkur yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida xorijdan kadrlar jalb etish taklifini berdi.
Qolaversa, til o‘rganish muhim va bugungi davrning talabi hamdir. Asosiysi, kerakli bilim va ko‘nikmani bera oladigan pedagogni tanlay bilishda. Yana bir jihat, o‘rganilayotgan tilga mansub millat vakili dars o‘tsa, o‘rganishga bo‘lgan ishonch yanada oshadi. Bu bilan o‘rganuvchi og‘zaki nutqda ravon so‘zlash, aynan o‘zlashtirish imkonidan bahramand bo‘ladi. Uchrashuv davomida rektor ayni shu masala haqida to‘xtaldi. Fransuz tili va madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida fransuz tili mutaxassislarini xorijdan jalb etish masalasida amaliy ko‘mak so‘radi.
Shuningdek, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi homiyligi asosida amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Surxondaryoda fransuz tilini rivojlantirish maqsadida mazkur yo‘nalish uchun zarur moddiy-texnik baza ajratiladigan bo‘ldi. Kutubxona fondini Fransiyaning Hachette, Didier, Cle international nashrlari tomonidan chop etilgan Methode bilan boyitishda amaliy yordam berish, shu boradagi grantlar haqida ma’lumot olish, akademik mobillik asosida ta’lim olish istagidagi talabalarga Campus France tomonidan qo’llab-quvvatlash borasidagi takliflar, o‘qituvchi-professorlar uchun grantlar ajratilganda, geografik joylashuvni hisobga olgan holda Surxondaryo viloyatiga alohida o‘rin ajratish masalalarida ham to‘xtalib o‘tildi.
Ushbu kelishuv va muzokaralar talaba-yoshlarimizni Fransiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, tajriba oshirishlariga zamin hozirlaydi.
H.Baxtiyorova