Tabiatga tajovuz sayyor qabulda fosh etildi

Date:

Boysun deganda osmonga tutash tog‘lar, yashillikka burkangan so‘lim tabiat, toshlar bag‘rini yorib chiqib oqayotgan obihayot ko‘z ko‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Haqiqatan Boysun ana shunday, rassomning ijodidek jonli, mo‘jiza kabi hayratli. Ammo, bu mo‘jizani qadrlamaslik yomon. Dov-daraxtlarga tiriklik emas, o‘tin sifatida qarash ayanchli. Yaratgan in’on etgan yashillikni payhon qilish… buni ko‘rganda ko‘ngillar uvushishi aniq. To‘g‘ri, kimdir bunday holatga duch kelsa, indamay o‘tishi, e’tibor bermasligi ham mumkin. Tumandagi “Yuqori Machay” mahallasida yashovchi Kamol Murodov jim tura olmadi. Respublika ishchi guruhining Surxondaryo viloyatida o‘tkazgan ommaviy sayyor qabuliga bordi. Qarasa, barcha muammolarini dasturxon qilib, yechim topish ilinjida. K.Murodovga navbat kelganda, u Machay o‘rmon bo‘limi hududida chorva mollari boqilishi va tog‘dagi dov-daraxtlar kesilayotganini bildirib, uning oldini olish taklifini ilgari surdi.

Shundan so‘ng, Surxondaryo viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Milliy gvardiyaning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘rganish ishlarini boshlab yuborishdi.
Haqiqatan ham holat jiddiy. Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining hududda har yili bahorgi va kuzgi taftish o‘tkazishi belgilangan. Biroq, o‘rmon xo‘jaligining 5-aylanma 17 kvartalida mazkur ish amalga oshirilmay, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaralgan. Mas’uliyat unutilgan. Oqibatda hududda Zarafshon archasi, bodom, zarang kabi noyob daraxtlar noqonuniy kesilib, tegishli ruxsatnomasiz mayda shoxli mollar tog‘ning xushmanzara tabiat qo‘ynida boqib kelingan. Yetkazilgan zarar to‘langani bilan noyob daraxtlar va o‘simliklar qayta o‘sib chiqmaydi. Bu vaqt talab etishi tayin.

Qaniydi, barchamiz tabiatga fidoyilarcha munosabatda bo‘lsak, o‘z dardimizdek qabul qilsak, ana shundagina ekologiya, tabiiy boyliklariga zarar yetmagan bo‘larmidi…

Sohibjamol

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Bayram tantanasidan unutilmas lahzalargacha…

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sherobod tumanida bayram...

“Milliy brend”ning yangi manzili — Uzun

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida hududlarda yangi ishlab...

Istiqlol — muqaddas qadriyat

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo...

Yoshlar yorug‘ va shinam sinfxonalarda o‘qiydi

Bandixon tumanida yosh avlod uchun zamonaviy ta’lim sharoitlarini yaratishga...
KunTun
KunTun