Hokim yordamchisi aholi turmush sharoitini yaxshilash, bandligini ta’minlash masalalarida hokimlarning mahallalardagi ishonchli vakilidir. Ularning o‘rganishlari natijasida fuqarolarning qiziqishi va layoqatidan kelib chiqib, ish bilan ta’minlanyapti yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun kerakli shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilyapti. Mahalla ahlining umumiy mashg‘ulotlarini hisobga olib, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida turli loyihalarning yo‘lga qo‘yilgani ham aholi turmush-tarzini yaxshilashga, daromadini oshirib, sevimli mashg‘uloti bilan band bo‘lishga turtki bo‘lmoqda. Shunday ekan aholini bir maqsad yo‘lida birlashtira oladigan, hammaslak va hamkorlikka chorlaydigan munosib yo‘lboshchi ayni davrning talabi deyish mumkin. Shu o‘rinda ularning ishini sarhisob qilish, e’tiborda ekanini eslatib qo‘yish lavozim egalarini yanada sergaklantirishi aniq.

Respublika Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Surxondaryo viloyatida hokim yordamchilari faoliyatiga bag‘ishlangan ikki kunlik press-tur tashkil etdi. Tadbir hokim yordamchilarining faoliyati, amalga oshirgan ishlari bilan tanishildi.
Termiz shahridagi Guliston mahallasida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi, Pattakesar mahallasida “mahallabay” ishlash tizimi asosida barpo etilgan tikuvchilik sexida ish qizg‘in.
Tanishuv jarayonida viloyat mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Jo‘rayev markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlarga “mahallabay” ishlash tizimi va joylarda hokim yordamchilari olib borayotgan ishlar, ajratilayotgan kredit mablag‘lari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar ajratish tartib-tamoyillari haqida tushuntirdi.
Keyingi manzil “Bo‘ston” mahallasida joylashgan “Almaz-Ariginal” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hunarmandchilik markazi bo‘ldi. Tadbirkor ayol Muhayyo Jo‘rayeva go‘zallik saloni, kelinlar libosi kabi xizmat turlari bilan birga milliy hunarmandchilik buyumlari to‘qish va ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ygan. Bu yo‘nalishda 150 ga yaqin xotin-qiz kooperatsiya asosida ishga qabul qilingan bo‘lib, turli dizayndagi milliy liboslar, milliy sumkalar, erkaklar to‘ni, do‘ppi va boshqa buyumlar tikib, to‘qib tayyor holga keltirilmoqda. Qolaversa, ikkita dastgohda Boysunning qadimiy va noyob janda matosini to‘qish va undan erkaklar to‘nlari tikish yo‘lga qo‘yilgan.

Jarqo‘rg‘on tumani “Loyqand” mahallasidagi hokim yordamchisi Zokir Mahmudov mahallani xatlovdan o‘tkazayotib sezganki, xonadonlarda parranda parvarishlashga qiziqish yuqori. Shundan so‘ng, mahallada jo‘ja ochiradigan ixcham, zamonaviy inkubator yasash yo‘lga qo‘yildi va xonaki tovuqchilikni rivojlantirish ishlari boshlab yuborildi. Qiziqish bildirganlarga inkubatorni ishlatish sirlari o‘rgatildi. Kooperatsiya asosida 50 xonadonga besh mingta xonaki tovuq tarqatib, uning tuxumidan jo‘jalarni ko‘paytirish joriy etildi.
Jarayonlar bilan tanishgan press-tur ishtirokchilari olinayotgan daromad, odamlarning turmush darajasidagi o‘zgarishlar bilan qiziqdi. Ayonki, ko‘rilayotgan daromad tadbirkor-u, ish bilan band bo‘lganlarni xafa qilmayapti. Ikki kunlik press-tur davomida ishtirokchilar Qumqo‘rg‘on, Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlarida bo‘lishdi. Hokim yordamchilarining ish faoliyati, “mahallabay” ishlash tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla ahli bo‘layotgan o‘zgarish va yordamdan rozi.
Sohibjamol