Mamlakatimizda sud-huquq sohasida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish, biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Ma’lumki Davlat rahbarining 2019-yil 5-fevraldagi qarori bilan “Biznes yuritishni yaxshilash-2022” nomli maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi va unga ko‘ra 2022-yilga kelib, “Biznes yuritish” yillik hisobida, shu jumladan, “Kontraktlar ijrosini ta’minlash indikatori” bo‘yicha respublikamiz jahonda 20-o‘ringa erishishi nazarda tutildi. Bu boradagi ishlar esa izchillik bilan olib borilmoqda. Kontraktlar ijrosini ta’minlash sohasida iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis o‘tkazish imkonini beruvchi tartib joriy etilishi hamda jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda, ma’muriy va iqtisodiy sudlarda fuqarolar tomonidan amalga oshiradigan barcha to‘lovlarni, shu jumladan, davlat bojini hisobga olish va to‘lashning yagona elektron tizimi joriy etilishi belgilandi.
Bugungi kunda iqtisodiy sudlarda ishni ko‘rish buyruq tartibida (sud buyrug‘i) va umumiy tartibda (da’vo ariza) amalga oshirilmoqda. Buyruq tartibida faqat nizosiz talablar, umumiy tartibda esa nizoli talablar hal etiladi. Iqtisodiy sud ish yurituviga da’vo summasi kam bo‘lgan nizolar bo‘yicha soddalashtirilgan ish yuritish tartibi kiritildi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi “231-bob Sodalashtirilgan tartibda ish yuritish” deb nomlangan bob bilan to‘ldirildi. Iqtisodiy sudlarda ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun yuridik shaxslarga nisbatan — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa besh baravaridan oshmasa, da’vo arizalari bo‘yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Iqtisodiy protsessual kodeksda da’vo arizasiga va unga ilova qilingan hujjatlarga doir talablar bo‘yicha soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari javobgarga topshiriladi. Da’vo ishini yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha esa da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga va uchinchi shaxsga yuboriladi.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha berilganda da’vo arizasining ko‘chirma nusxasi javobgarga topshirilgan paytdan e’tiboran 15 kunlik muddatda sudga yuboriladi, sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar kelib tushgan va o‘z vaqtida taqdim etishning imkoniyati bo‘lmaganligi asoslantirilgan bo‘lsa, qabul qilinadi, umumiy qoidalar bo‘yicha esa ish ko‘riladigan kungacha yetib borishini ta’minlaydigan muddatda sudga yuboriladi.
Mamlakatimiz iqtisodiy protsessual qonunchiligida soddalashtirilgan ish yuritish tartibi instituti joriy qilingani avvalo, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari sud tomonidan ishonchli va samarali himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, iqtisodiyot sohasidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashayotgan huquqlarini yohud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda nizolarni o‘z vaqtida, turli sansalorliksiz hal etishga xizmat qilishi shubhasizdir.
E.B.Nuriddinov,
Termiz shahar prokurorining yordamchisi