“Erishganlari atrofdagilar havasi va hayratiga sabab bo‘lyapt”

Date:

Iste’dod yosh, makon va zamon tanlamaydi. Siz-u biz ilg‘amagan go‘zalliklar, ajoyibotlar va sir-u sinoatlarni ko‘ra oladigan, ko‘rsata oladigan insonlar bo‘ladi. Bunda mo‘yqalam, bo‘yoqlar ijodkorga eng yaqin ko‘makchi. Endigina 16 yoshni qoralagan Shamsiqamar Suyunova ham ana shunday iqtidor sohibasi. Tabiat qo‘yniga chiqsa bormi, taassurotlarini, ilhomini oqqa ko‘chirmasa, ko‘ngli xotirjamlik topmaydi. U tasviriy san’at, rassomchilik borasidagi bilimlarini boyitish uchun ham ayni paytda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ro‘zi Choriyev nomidagi Surxondaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida ta’lim olyapti. Orzusi ustoz rassomlardan kam bo‘lmaslikni diliga qat’iy tugib, san’at olamida shahdam qadamlar bilan odimlayotganida. Erishganlari atrofdagilar havasi va hayratiga sabab bo‘lyapti.

U Badiiy akademiya tomonidan o‘tkaziladigan an’anaviy xalqaro “Tasviriy va amaliy san’at” festivalining o‘tgan yildagi kumush medali sohibasi.
San’atga oshufta ko‘ngil chizganlari bilan taskin topmasa, g‘alayon qilaversa, tizginsiz hislar so‘zga, ta’rif-u tashbehga ko‘char ekan. Misralar qatiga jamlanib, she’r dunyoga kelar ekan. Shamsiqamar bir-biridan go‘zal suratlar chizish barobarida nazmda ham qalam tebratadi. Uning qalamiga mansub she’rlar ustozlar e’tibori va e’tirofiga sazovor. Ayniqsa, o‘tgan yili uning “Tong chechagi” nomli she’rlar kitobi chop etilib, she’riyat muxlislariga taqdim etilgani iqtidor sohibasining she’riyat olamidagi ilk katta odimi bo‘lgan bo‘lsa, endilikda uning she’rlari xorijiy tilga ham o‘girilib, dunyo yuzini ko‘rmoqda. Yaqinda uning “Image of a Woman” nomli to‘plami ingliz tilida 1000 nusxada chop etildi va AQShning elektron savdo bozorida yirik kompaniyasi bo‘lgan Amazonning kitob sotish platformasida sotuvga chiqarildi. Ushbu to‘plamda muallifning she’rlari qatorida chizgan asarlari, o‘quvchilik davrining qizg‘in damlari muhrlangan fotosuratlar ham o‘rin olgan.

Boshqa davlatlarda 16 yoshli o‘spirinlar zamon bilan hamnafas yashash uchun internetda, ijtimoiy tarmoqlarda nima yeb-ichib, nima ish bilan mashg‘ul ekanini ko‘rsatayotgan bir paytda o‘zbekning kamtarin qizi bu mo‘jaz kitobchasi bilan o‘zini yaratuvchanlikka bahshida etganini butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilayotgandek bo‘ladi.
Termiz shahridagi Yoshlar markazida ana shu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi va ustozlar oq fotihasi bilan yosh ijodkorga ijodiy barkamollik tilandi. Ajoyib kuy-qo‘shiqlar, ijodkor qalamiga mansub she’rlardan aytilgan parchalar tomoshabinlar ko‘ngliga manzur bo‘ldi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

AI–80 cheklanadi

Yil yakuniga qadar barcha kuch va resurslarni safarbar etib,...

Qadog‘ida tarkibi yozilishi shart

Joriy yilning 1-sentabridan boshlab, sanoat sharoitida qayta ishlangan va...

Velosipedda harakatlangan ragʻbatlantiriladi

2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va...

Mahalla binosi qurilishi boshlandi

Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida aholiga qulay sharoit yaratish va...
KunTun
KunTun