Jiddiy kasallik nafaqat insonning o‘zini, balki yaqinlarini, oilasini-da tashvishga soladi. Ayniqsa, jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari, tibbiyot rivojlangan davlatga borish masalasi haqiqiy muammoga aylanadi. Hozir esa bari boshqacha. Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar, yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar, yuqori texnologik aralashuvlar, qolaversa, malakali mutaxassislarning jalb etilayotgani ana shunday muammolarga munosib yechim bo‘lmoqda deyish mumkin. Amalga oshirilayotgan ishlar negizida xalq manfaati, xotirjam hayot kechirishi mujassam. Ushbu ishlarning amaliy davomi sifatida akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir guruh mutaxassilari ishtirokida joriy yil 12-14-may kunlari Termiz shahriga “Vohidov o‘qishlari — 2022”, “Yuqori texnologiyali jarrohlikning imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusidagi XXVI Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilganini aytish mumkin.
Shu munosabat bilan markazning malakali mutaxassislari viloyatdagi tibbiyot muassasalarida 22 ta yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdilar.
Boysunlik Dilshoda Shamiyevaning bosh miyasida o‘sma borligini, uni olib tashlamasa, hayotiga xavf solishini aytishganida tahlikada qolgandi. Bir yonda guldek oilasi mo‘ltirab qarab turgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan jarrohlik amaliyoti uchun xarajatlar yuragini zirqiratib yubordi. Yashashga bo‘lgan intilish uni yomon o‘y-xayollardan qaytardi. Faqat va faqat yaxshilikka umid qildi va mo‘jizaga ishondi. Shukrki, bemor yuragini yoritib turgan o‘sha umid unga najot bo‘ldi. akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mutaxassislari sabab u qayta dunyoga kelgandek bo‘ldi. Bemorda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazilib, bosh miya sohasidan o‘sma olib tashlandi. Hayriyatki, hozirda bemorning ahvoli yaxshi.
Bundan tashqari viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida qizilo‘ngach diafragma churrasi, disk churrasini bartaraf etish, buyrak transplantatsiyasi, bel umurtqa sinishi, yelka, bilak va tirsak suyagi osteosintez kabi 17 turdagi murakkab operatsiyalar amalga oshirildi.
Nima bo‘lsa bo‘lsin-u farzandimiz bilan sinalmaylik. Ularga bir dard yopishsa bormi, ota-ona undan-da ko‘proq ozorlanadi. Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham siydik yo‘llari rivojlanishida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan hamda siydik-tosh kasalliklari bo‘lgan 3-5 yoshli bolalarda ham jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, kichik bemorlar og‘rig‘-u darddan forig‘ etildi. Ayni paytda ota-onalar ham poytaxtdan tashrif buyurgan malakali mutaxassislardan minnatdor.
Bu kabi murakkab operatsiyalar davom etib, bemorlar sog‘lom hayotga qaytarildi. O‘z navbatida aytish kerakki, bu kabi amaliyotlar nafaqat mahalliy aholining sog‘ligini tiklash, balki viloyatda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari uchun o‘zga xos mahorat maktabi, eng yaxshi “master-klass” bo‘ldi. Tashrifning so‘nggi kunida Termiz shahridagi Yoshlar markazida “Vohidov o‘qishlari — 2022”, “Yuqori texnologiyali jarrohlikning imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusidagi XXVI Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyani viloyat hokimi To‘ra Bobolov ochib berdi va viloyatda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar haqida to‘xtalib, voha ahlining sihat-salomatligi uchun doimo yordamga shay ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng konferensiyada ishtirok etgan o‘z ishining ustalari bo‘lmish mutaxassislar, malakali jarrohlar yuqori texnologiyali xirurgiya imkoniyatlari va istiqbollari, kardioxirurgiyada, qon-tomir jarrohlik amaliyotlarining zamonaviy prinsiplari, anesteziologiya va reonimatologiyada zamonaviy yondashuvlar, plastik va estetik mikroxirurgiyada yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, buyrak hamda jigar plantatsiyasining dolzarb masalalariga bag‘ishlab ma’ruzalar o‘qishdi hamda mavzuga oid masalalar muhokama qilindi.
—Respublikamiz bo‘ylab 65 ta buyrak transplantatsiyasini amalga oshirgan bo‘lsak, ularning eng ko‘pi Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelyapti, — deydi V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori S. Ismailov. — Shu maqsadda tashrifimiz davomida angladikki, yashash sharoitni inobatga olish va tibbiy savodxonlikni oshirib, sog‘lom turmush tarziga amal qilish borasida ham tushuntirish ishlari olib borish lozim. Tan olish kerakki, mamlakatimizning ba’zi tuman va shaharlarida zamonaviy mini-invaziy amaliyotlar tibbiyot muassasalarida birinchi marta amalga oshirilmoqda. Jarrohlik amaliyotlarimizda hududiy mutaxassislar ishtirokini ham ta’minlagan holda doimiy tarzda mana shunday amaliyotlarni o‘zlari mustaqil amalga oshirishlariga imkoniyat yaratyapmiz.
Sayyora ALLAYEVA