Kasallik bu sinov. O‘z vaqtida va to‘g‘ri muolaja qilinmasa, kichik jarohat ham og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo, og‘riqlardan oh chekib, dardiga darmon topolmay, noumid shiftga termulib yotgan bemorni hayotga qaytarish mumkinmi? Yoki tug‘ma nuqsoni tufayli tuzalishdan batamom umidini uzgannichi? Ularga davlat najot bo‘ladi va otalarcha g‘amxo‘rlik qiladi. Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida belgilangan muhim vazifalar ijrosi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Termiz shahrida Surxondaryo viloyatidagi sayyor tibbiy qabuli boshlandi. SSV markaziy apparati jamoasi, ixtisoslashtirilgan markazlar mutaxassislari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-shifokorlaridan iborat 200 nafar vrachdan iborat tibbiy guruh tibbiy tekshiruv ishlarini boshlab yuborishdi.
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov va Sog‘liqni saqlash vaziri Bexzod Musayev Termiz shahridagi “Amudaryo bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi”da erta tongdan boshlangan sayyor tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan tanishdi. Professor-shifokorlar, soha mutaxassislari va murojaatchilarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan shifokorlar bilan suhbatlashdi. Order rasmiylashtirish tartibi bilan qiziqdi.
Ko‘rik doirasida murojaatchilar uchun ochiq muloqot ham tashkil etilib, bemorlar va ularga hamrohlik qilib kelgan yaqinlarining dard-u tashvishlari tingladi. Bemorlar davolanishi yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Jarayonni kuzatar ekanmiz, sog‘ligida shikoyati bor bemorlar kasallik tarixi bilan birga kerakli tekshiruv, laboratorik tahlillaridan o‘tib, so‘ng tibbiy tekshiruv uchun yo‘naltirilmoqda. Soha xodimlarining kerakli tavsiya va maslahatlarini olayotir. Tibbiyot xodimlari va bemorlarning so‘zlariga quloq tutdik:
—Bugun amalga oshirilayotgan tibbiy islohotlar inson bu jamiyatda nechog‘lik qadr topayotganini ko‘rsatayotir, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori M.Irismetov. — Tibbiy sayyor qabul sabab bir necha kunki Surxondaryo viloyatida mehmonmiz. Soha xodimlari guruhlarga ajratilib, tumanlarda bemorlarni tekshiruvdan o‘tkazdik. Eng avvalo, og‘ir holatdagi tekshiruvga kela olmaydigan, uyidan chiqishga imkoniyati yo‘q bemorlarning xolidan xabar oldik. Uyma-uy yurib tekshirdik, 2000 ga yaqin bemor umumuy tekshiruvdan o‘tkazilib, kerakli choralar ko‘rildi. O‘rganishlarimiz natijasida operatsiyaga, implantlar, ortopedik mahsulotlar bilan ta’minlanishga muhtoj bo‘lgan bemorlar ro‘yhati shakllantirildi. Ularga bosqichma-bosqich kerakli yordamni berishni boshlab yubordik. 19 ta jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Amaliyotdan keyin bemorlarning holati yaxshi, og‘riq yo‘q Bunaqasi tajribam davomida bo‘lmagan edi. tibbiy tekshiruvdan totib, kerakli implantlar, jarrohlik amaliyoti xarajatlari to‘liq davlat tomonidan qoplab berilayotir. Bundan nafaqat bemorlar, balki biz ham xursandmiz.
O‘g‘lim tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan, — deydi D. Qurbonova. — Bir marta jarrohlik amaliyotini ham o‘tkazganmiz. Ahvoli oldingidan yaxshi, ammo kasallik batamom tuzalib ketmagan. Barcha bolalardek sog‘lom bo‘lishini istayman. Tibbiy sayyor qabul bo‘layotganini eshitib, Sariosiyo tumanidan keldik. O‘g‘limning yuragini kardiogramma qildirishga buyurib, mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazdim. Baraka topishsin, holatni tushuntirib, kerakli tavsiyalarni berishdi. Eng asosiysi, o‘g‘limni bepul operatsiya qilishadigan bo‘lishdi.
Inson hastalikka chalinib qolsa, hayotning, yashashning qadrini anglarkan, — deydi jarqo‘rg‘onlik Erkin Mardayev. — Jigar serrozi tashxisini qo‘yishgan. Doimiy tibbiy tekshiruv va nazoratda bo‘lib turaman. Ammo, Hindistonga borib, jigar almashtirish amalaiyotini o‘tkazmasam bo‘lmasligini aytishgan edi. donor va mening Hindistonga borishim uchun na yo‘l harajatlarini va amaliyot haqini to‘lashga imkoniyat yetmaydi. Bugungi tibbiy ko‘rikni eshitib ko‘nglimda umid paydo bo‘lib kelgandim. Dardimni aytdim, mutaxassislar ko‘rishdi, tekshirishdi. Donor bilan mos tushsak, poytaxtda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga jo‘natilishim, ertangi kunga umid uyg‘otdi.
Bugun murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun uzoq masofa bosib, katta harajat qilib chet elga borishga hojat yo‘q. deyarli barcha amaliyotlar respublika va viloyatlar miqyosida amalga oshirilayotir. Jigar o‘tkazish amaliyoti murakkab operatsiya. Sababi bunda ikki inson hayoti turadi. Shunga qaramay, faoliyatimiz davomida ko‘plab mana shunday operatsiyalarni muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Surxondaryoga kelishimiz ham ko‘plab chorasizlikdan qiynalayotgan bemorlar uchun yangi bir imkon eshiklarini ochib, shifo topishi uchun barcha bilim va imkoniyatlarimizni ishga solganmiz, — deydi Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xirurgi Sh. Matkarimov.
Bir ko‘zim ko‘rmaydi. Shu sabab birinchi guruh nogironiman. Bir ko‘zda bo‘lsa ham ko‘rayotganimga shukrda edim. Ammo, ikkinchi ko‘zim ham xiralashib boryapti. Davolanishga imkoniyatim yetmay qiynalib yurgandim, Sog‘liqni saqlash vaziri muammoyimni zumda hal qilib berdi. Mutaxassislar tekshirishdi, davolansa, yana ko‘ra olaman ekan. Viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasida bepul davolanadigan bo‘ldim. – deydi sho‘rchilik I. Aliyorov.
Sayyor qabul davomida tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarni davolash jarayoniga yo‘naltirish bilan birga, tuman tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, faoliyatiga doir muammolarni hal etish, sohani tajribali va kreativ fikrlovchi yosh mutaxassislar bilan ta’minlash masalalari ham kompleks tahlil qilinib, amaliy yechimlar belgilandi. Shuningdek, yangi oilaviy poliklinikalar va shifokor punktlarini tashkil etish, birlamchi tibbiyot muassasalarida kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00ga qadar uzaytirish, olis va chekka hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Aytish kerakki, sayyor tibbiy qabulning birinchi kunida 3877 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Umumiy ko‘rikdan o‘tkazilgan fuqarolarning 1013 nafarida laborator tahlillar olindi, 699 nafarida UZI, 98 nafari rentgen, 65 nafari exo EEG, 37 nafari mammograf, 927 nafari EKG, 42 nafarida exo KG doplerli UZI takshiruvlari o‘tkazildi. Ularning 3827 nafarida turli darajadagi kasalliklar aniqlandi. Shundan, 1289 nafar bemor ambulator, 1302 nafari tumanda, 1029 nafari viloyatda statsionar tartibida, 207 nafar bemor respublika miqyosida davolanishga tavsiya etildi. Bundan tashqari, hozirgacha viloyatda 100 nafarga yaqin og‘ir bemorlarda davlat hisobidan murakkab operatsiyalar o‘tkazildi. Ushbu xayrli tashabbus tufayli sanoqli kunlar ichida 100 dan ortiq murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani kichik natija emas, albatta. Tibbiy sayyor qabul davom etmoqda. Yaqin kunlarda yana ko‘plab bemorlar sog‘ayib oyoqqa tursa, ajab emas.
Sayyora ALLAYEVA