UCH QАVАTLI ISSIQXONАNING АFZАLLIGI NIMADA?

Date:

Ko‘p hollarda tomorqasida issiqxona qurib, yaxshigina daromad olayotganlarni ko‘rganmiz. Аmmo tomorqasida noanʼanaviy tarzda 3 qavatli issiqxona tashkil qilib, dehqonchilik bilan shug‘ullanayotganlar haqida kamdan-kam eshitamiz. 3-qavatli issiqxonadan hosil olish, u yerdan qanday tartibda foydalanish mumkin ekan-a degan savollarimizga javob olish maqsadida Sho‘rchi tumani Аlisher Navoiy mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Mamatraxim Ravshanov xonadoni tomon yo‘l oldik.

Mamatraxim Ravshanov tomorqasining 4 sotix yer maydoniga mo‘jazgina issiqxona tashkil qilgan. Issiqxonaning 1-qavatida limon, apilsin, mandarin ko‘chatlari qatoriga qulupnay, pamidor, bodring, oshqovoq va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari navbatma-navbat bo‘y choʼzayotgan bo‘lsa, 2-qavatda uzumlar yaxshigina hosilga kirganini ko‘rish mumkin.
-Аgar astoydil harakat qilsak, tomorqadan yil 12 oy davomida yaxshigina hosil olishimiz mumkin, – deydi tajribali dehqon Mamatraxim Ravshanov. – Eʼtibor qilgan bo‘lsangiz yetishtirayotgan mahsulotlarimizning biri hosilga kirgan, biri endi gullagan, yana biri esa bo‘y cho‘zgan. Endigina kurtaklayotgan mana bu loviyalarni 10 kun avval ekib chiqqanmiz. Dastavval qulupnaydan olayotgan hosilimizni yig‘ib olamiz. Undan keyin pomidor bodringlardan yaxshigina daromad qilamiz. Vaqt o‘tib bu mahsulotlar o‘rnini boshqa mahsulotlarga bo‘shatib beradi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Suv tanqisligi kuzatiladigan bir vaqtda qanday qilib 12 oy tomorqadan samarali foydalanish, undan yaxshigina daromad olish mumkin ekan-a. Qahramonimiz bu muammoni ham allaqachon bartaraf qilgan ekan. Tomorqaning chekkasidagi 60 tonnalik suv xavfzasini yomg‘ir va ariq suvi yordamida to‘ldirib qishin-yozin foydalanishni yo‘lga qo‘ygan.
Issiqxonaning ikkinchi qavatida 80 tupga yaqin “Husayni”, “Rizamat ota”, “Toyfi” singari 8 turdagi uzumlar allaqachon hosilga kirgan.
-Erdan mo‘l va sifatli hosil olishni maqsad qilgan yehqon suvni tejovchi texnologiyadan samarali foydalanishi kerak, – deydi M.Ravshanov. -Tomchilatib sug‘orish usul nafaqat mablag‘ tejash, balki yuqori hosil olish imkonini ham beradi. Mehr va eʼtibor bilan parvarish qilayotgan uzumlarimiz o‘ziga xos taʼmi va jozibali tashqi ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Tok ochishdan boshlab uni parvarishlash, sug‘orish, o‘gʼit berish, xomnart qilish, pishib yetilganda uzumlarni uzib olish, saralash va mayiz uchun quritishga ilish, yoyish va yig‘ib olish, tozalash, kuzda hosildan bo‘shagan toklarni qirqish va asta-sekin ko‘mish jarayonlarini o‘z vaqtida amalga oshirishimiz natijasida daromadimiz ham mo‘l bo‘ladi.
Аlbatta, tomorqadan sifatli va mo‘l hosil olish uchun astoydil mehnat qilish, har bir mahsulotni yetishrish borasida maʼlum bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lish lozim. Shundagina, hosilning cho‘g‘i baland bo‘lib, yuqori daromad olishga erishiladi. Аyni vaqtda issiqxonasining har bir qavatidagi mahsulotlarni “tili”ni tushunib, ulardan navbatma-navbat hosil olayotgan Mamatraxim Ravshanov 3-qavatda yetishtirayotgan turfa gullar taratayotgan xushbuy xid mahalla bo‘ylab kezmoqda.

Nigina Shoyeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Surxondaryoda Arundo parvarishlanadi

Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi uchun qulay hudud, havosi, tuproq...

Yadro uloqtirishda birinchi

Bugungi kunda para sport turlariga hm katta e’tibor qaratilmoqdaki,...

Mehnati ibrat bo‘lmoqda

Yurtimiz bo‘ylab, Sayxunobod tajribasi asosida keng qamrovli ishlar amalga...

G‘oliblik uchun bellashishdi

Tosh ko‘tarish ham mahorat. Shunchaki ma’lum og‘irlikdagi toshlarni ko‘tarib,...
KunTun
KunTun