“Boysun bahori” xalqaro folklor-etnografik festivali haqida gap ketganda, avvalo, so‘lim va purviqor tog‘lar qo‘ynida yastanib yotgan, bir necha ming yillik tarixni bag‘rida asrab kelayotgan Boysun tumani ko‘z oldimizda gavdalanadi. Qolaversa, kishini xayolot olamidan haqiqatga chorlovchi milliy kuy-qo‘shiqlar, folklor jamoalarning chiqishlari, chor tomonda yasatilgan eski o‘tovlar, milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan osori-atiqalar va qo‘lida chillak ushlagan, besh tosh o‘ynayotgan, o‘zinida o‘zliginida asrlar silsilasidan yo‘qotmay kelayotgan qadimiy va boy tarixga ega vohamiz ahli keladi.

Muntazam o‘tkazilib kelinayotgan “Boysun bahori” har yili o‘zining yangicha tadbirlari, an’ana va qadriyatlari, o‘zgacha tayyorgarligi bilan dillarga xushnudlik ulashib, xalqaro sayyohlarni rom etib kelayotgan festivalni ko‘pchilik orziqib kutadi.
Bir-birini takrorlamas bayramlari bilan esda qolayotgan ushbu festivalga bu yil qanday hozirlik ko‘rilmoqda, qanday o‘zgarishlar va rejalar qilinayapti bu kabi savollarga javob berish hamda bu borada qilinayotgan qizg‘in ishlar bilan keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida “Boysun bahori” xalqaro folklor-etnografik festivaliga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani viloyati hokimligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar, Turizm va madaniy meros, Madaniyat hamda Sport boshqarmalari hamkorligida viloyat “Matbuot uyi”da o‘tkazildi.

Anjumanda viloyat hokimining o‘rinbosari, tashkiliy qo‘mita a’zosi Jo‘rabek To‘rayev, tegishli boshqarmalar boshliqlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Unda “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini yuqori badiiy saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy va ijodiy ishlar masalasida viloyat hokimining o‘rinbosari, “Boysun bahori” festivalini o‘tkazish va tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha respublika ishchi guruhi a’zosi Jo‘rabek To‘rayev so‘zga chiqib, bu yilgi festivalning avvalgi yillardagidan farqli jihatlari, o‘tkazilishi belgilangan tabdirlar rejasi, festival doirasida qilinadigan va ayni damda amalga oshirilayotgan ishlar xususida anjuman ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berdi.

— “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali har yilgidan ham yuqori badiiy saviyada o‘tkazilishi uchun allaqachon qizg‘in tayyorgarliklar boshlab yuborilgan, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev. — Festivalda ishtirok etishi uchun 30 dan ortiq davlatlarga taklifnomalar yuborilgan bo‘lib, ayni damda o‘sha davlatlardan folklor jamoalari bilan festivalda ishtirok etish istagini bildirgan javob xatlari ham kelib tushmoqda. Bundan ko‘rinadiki, har galgidan ham “Boysun bahori”ga puxta hozirlik ko‘rishimiz, bunda asosan tashkiliy masalalar, badiiy jamoalarni saralash, jarayonlarning targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratishimiz, xoh mahalliy, xoh xorijiy davlatdan keladigan mehmon bo‘lsin, ularga zaruriy shart-sharoitlar yaratish kerak. Chet eldan kelayotgan sayohatchi yoki festival ishtirokchisi vohamizdan, aynan Boysundan Yevropani qidirib kelmaydi, albatta, ularga milliy qadriyatlarimiz, osori-atiqalarimiz, milliy hunarmandchiligimiz, milliy va qadimiy libosu, kuy-qo‘shiqlarimizni bor bo‘yicha ko‘rsata bilishimiz kerak.

Bayram tadbirlari 6-8 may kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, bunda 6-may kuni mehmonlarni kutib olish, sport tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘sha kunning o‘zidayoq 10 ga yaqin musobaqalar uyushtirilib, g‘oliblarni rag‘batlantirish choralari ham ko‘rilmoqda.
Shundan so‘ng, viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov festivalni yoritishda OAVning roli va o‘rni haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Festival jarayonlarni yoritish uchun ishchi guruh tashkil etilishi, jurnalist va blogerlar uchun “Boysun bahorini” keng yoritish borasida barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilishi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qizg‘in savol-javoblar, takliflarga boy tarzda o‘tgan matbuot anjumanida bildirilgan barcha fikr-mulohazalar vohamizning qadimiy va boy tarixini, milliy qadriyat, udum va an’analarimizning jahonga bo‘y ko‘rsatishi va bu yilgi “Boysun bahori” tillardayu ellarda doston bo‘lishiga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Adolat MO‘MINOVA