Sherobod tumanidagi 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchilari erta tongdan maktabga shoshishadi. Chunki ular o‘zlarini muhim ishga safarbar etilgandek his etishadi. Haqiqatan ham ularga yuklangan vazifani risoladagidek ado etishlari lozim. Bolajonlar darsda qo‘g‘irchoqlarni jonlantirib, parda ortida ro‘l o‘ynashadi. Kimdir bilimdon, kimdir dangasa, boshqalari uchun ham ro‘llar bo‘lingan. Jarayon tomoshasi esa undan-da qiziq.

Kim ham ustozining 45 daqiqalik tushuntirishlarini diqqat bilan tinglab o‘tira olardi. Axir diqqatni 15 daqiqagacha bir narsaga qaratish mumkin. Keyin istaymizmi-yo‘qmi chalg‘ish, xayol boshqa narsalarga ketishini tadqiqotlarning o‘zi isbotlagan fakt bo‘lsa. Maktabning yosh pedagogi Sayyora Soatmurodova esa e’tiborni ushlab turishning yaxshi yechimini topdi. Maktabda qo‘g‘irchoq teatrini tashkil etdi. Endi darslar qiziqarli o‘tayapti.

Ajoyib sahna tomoshalari, ertaklar namoyishi nafaqat darslarni qiziqarli o‘tishida, balki bola bilan ishlashda, uning tarbiyasida ham muhim. Bolalikdan sevib o‘ynagan o‘yinchoqlarimiz eng yaqin do‘stimiz bo‘lgani haqiqat. Bola psixologiyasida ham o‘yinchoqlar bilan yaxshi ta’sir o‘tkazish mumkin.
Ertaklar bola tuyg‘ularini tarbiyalaydi. O‘ylashga, fikrlashga, atrofga ijobiy qarashga, jamiyatni to‘g‘ri qabul qilishga o‘rgatadi.

— Qo‘g‘irchoqlar sokin va beg‘ubor bo‘ladi, — deydi Sayyora Soatmurodova. — Shuning uchun ham qo‘g‘irchoq teatri orqali bolalarga ta’sir o‘tkazishni o‘yladim. Rejamni amalga oshirib, kuzatyapmanki, natija yomon emas. O‘quvchilar loyihamni yaxshi kutib olishdi va qiziqish bildirishdi. Ertaklarni sahnalshtirish ham qiyin kechmayapti. O‘quvchilarimning o‘zlari ro‘llarini bo‘lib olishadi va parda ortida navbatini kutishadi. O‘z navbati kelganda qahramonlari ruhiyatiga kirib, ovozlarini ham moslashtirayotganini kuzata turib, o‘ylaganimdan ham ko‘ra ko‘proq natijalarga erishish mumkinligiga amin bo‘lyapman.
Ha, ertaklar bola dunyosiga o‘zgacha ta’sir o‘tkazadi. Uni o‘zlari ijro etishganda esa bu ta’sir bir necha bor oshadi. Nutqi rivojlanadi, dunyoqarashi oshadi. O‘zini tutishda, muomala madaniyatida ham o‘zgarish bo‘ladi. Mas’uliyat yukini anglaydi. Iqtidori kashf etiladi. Ushbu loyiha tumandagi bir necha maktablarda ham amalga oshirilib, qo‘g‘irchoq teatrlari tashkil etilayotir.
Sayyora ALLAYEVA